Gender tenglikka erishish boʻyicha maqsadli vazifalar belgilab olindi

11:48 06 Fevral 2026 Siyosat
590 0

Senatning 13-yalpi majlisida 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi hamda Strategiyani 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash masalasi koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, oʻtgan vaqt davomida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmogʻi avvalgi yillarga nisbatan 2 barobarga oshirilib, 27 foizga yetdi.

Byudjet mablagʻlarini rejalashtirish jarayonida gender yondashuvni joriy etishga qaratilgan genderga doir indikatorlar ishlab chiqilib, byudjet dasturlari loyihalarini tayyorlash va shakllantirishda foydalanish uchun barcha vazirlik va idoralarga taqdim etildi.

Davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid auditni oʻtkazish uslubiyati yangi tahrirda qabul qilinib, ijroga qaratildi. Mazkur uslubiyat asosida Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida genderga oid audit oʻtkazildi.

Agrar sohada 2025–2030-yillarga moʻljallangan Gender tenglik strategiyasi ishlab chiqildi va ijroga qaratildi.

“Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturining 4 ta mavsumi yakunlanib, 244 nafar xotin-qiz oʻqish bilan qamrab olindi. Ularning 60 nafari yuqori lavozimlarga tayinlandi.

Sudyalar oliy maktabiga 2025/2026 oʻquv yili uchun xotin-qizlarga 12 ta qoʻshimcha kvota ajratilishi natijasida 164 nafar tinglovchining 38 nafari yoki 23 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.

2025-yilda xotin-qizlarning 12,4 mlrd soʻmlik 21 ta startap loyihasi qoʻllab-quvvatlandi.

Siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatda “ayol siyosatchi” obrazi toʻgʻrisida ijobiy fikrni shakllantirishga qaratilgan yuzdan ortiq targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, 27 mingdan ziyod fuqarolar qamrab olindi.

Oʻzbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida olib borilgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etildi.

Parlamentlararo ittifoqning Jenevada 2025-yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan 151-sessiyasida Oʻzbekiston parlamentlarning quyi palatalarida xotin-qizlar faolligi boʻyicha dunyoda 15-oʻrinni egallagani qayd etildi.

Jahon bankining bahosiga koʻra Oʻzbekiston ayollarning iqtisodiy va siyosiy huquqlarini kengaytirishda eng katta yutuqlarga erishgan beshta davlat qatoriga kiritilgan. Ochiq gender maʼlumotlari (Open Data) indeksida esa Oʻzbekiston dunyoning eng yaxshi 20 ta mamlakati roʻyxatidan joy oldi. Gender tenglik va boshqaruv indeksida mamlakatimiz 103-oʻrindan 52-oʻringa koʻtarildi.

Shuningdek, majlisda ayrim maqsadli koʻrsatkichlarga erishish kechikayotganligi tanqidiy ruhda muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga koʻrsatmalar berildi.

Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini kengaytirish, mehnatga haq toʻlashda tafovutni kamaytirish, xotin-qizlarni yuqori daromadli moliya, IT sektorlariga keng jalb qilish, davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibida xotin-qizlar ulushini oshirish, gender tenglikni taʼminlash masalasida shakllangan turli stereotiplarning oldini olish va tegishli meʼyorlarni aholi orasida keng targʻib qilish qamrovini kengaytirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Senatorlarning fikricha, ushbu Dastur milliy va xalqaro majburiyatlarni bajarishga xizmat qiladi. Dasturdagi vazifalar, tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshirilishi lozimli qayd etildi.

Muhokama yakunida koʻrib chiqilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Akmal MUHAMMADOV, Yunus BOʻRIYEV

(“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер