Gender tengligi — jamiyat taraqqiyotining garovi
2020-yil 23-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida mamlakatimiz Prezidenti dunyo hamjamiyati eʼtiborini gender tengligi masalasiga qaratarkan, respublikamizda xotin-qizlarning oʻz imkoniyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishi, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ular uchun barcha shart-sharoitlarni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganligini taʼkidladi.
Haqiqatan ham, soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning siyosiy faolligini yanada oshirishning barcha sohalarda taʼsirchan institutsional mexanizmi yaratildi.
Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimiz parlamentida xotin-qizlar soni ortib borayotganini kuzatish mumkin. Tahlillarga koʻra, respublikamiz parlamenti xotin-qiz deputatlari soni boʻyicha dunyodagi 190 ta parlamentlar oʻrtasida 37-pogʻonaga koʻtarildi. Holbuki, bundan yetti yil ilgari bu jabhada mamlakatimiz 128-oʻrinda turardi. Bunday keskin ijobiy oʻzgarishlardan parlament saylovlari shunchaki oʻtkazilmagani, “Yangi Oʻzbekiston — yangi saylovlar” shiori hayotda bevosita oʻz aksini topganini anglash joiz.
Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida” Qonuni 16-, 17-moddalarida Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni, jumladan, Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishini taʼminlash mustahkamlab qoʻyilgan.
Buni Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz orqali oʻtkazilgan ochiq mustaqil tanlovlarda birgina Navoiy viloyati boʻyicha gʻoliblikni
Qonunda belgilanganidek, Davlat organlarining kadrlar xizmatlari tomonidan tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning maʼlumoti va kasbiy tayyorgarligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etib kelinmoqda.
Bugungi kunda Navoiy viloyatidagi davlat fuqarolik xizmati joriy etilgan davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 4440 nafar davlat xizmatchilarining 826 nafarini yoki 18,6 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat xizmatchilari lavozimlarini egallash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning xizmatda koʻtarilishi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlangan holda amalga oshirilyapti.
Xotin-qizlarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishida ota-onalarning munosabati hamda ularni oliy taʼlim bilan qamrab olish imkoniyatini oshirish ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, talaba qiz turmushga chiqsa, oʻqishni davom ettirishi uchun uni qoʻllab-quvvatlaydigan oilaviy muhit boʻlsaku yaxshi, ammo “oʻqib nima qilasiz”, deydigan oilaga kelin boʻlsa, ahvolni tasavvur qilish mushkul.
Yillar davomida toʻplanib qolgan shu kabi muammolar, oliy taʼlim muassasalariga yoshlarni qamrab olish koʻrsatkichining bor yoʻgʻi 9 foiz boʻlganligi oliy maʼlumotli, keng tafakkur va dunyoqarashi bor ayollarni tarbiyalashda katta toʻsiq boʻldi, desak, mubolagʻa emas.
Shu oʻrinda, gender tengligini joriy qilish nuqtayi nazaridan taʼlimdagi ijobiy siljishlarni alohida taʼkidlash maqsadga muvofiq. Yaʼni, 2017-yildan boshlab aksariyat oliy taʼlim muassasalarida turli mutaxassisliklar boʻyicha sirtqi boʻlimlar faoliyati tiklandi, shuningdek, xotin-qizlar uchun alohida davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratilmoqda.
Bu tadbirlar tez orada oʻz samarasini berib, ayollar orasidan vazirlar, boshqa yuqori lavozimlarga munosib koʻrilgan rahbarlar soni yanada koʻpayishiga zamin yaratadi. Ayni paytda faol va turli rahbarlik lavozimlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlar xalqimizning ishonchini oqlash uchun oʻzining bor salohiyatini ishga solib, oldiga qoʻygan maqsadlariga erishishga harakat qilayotir. Gender tenglikning muhim jihatlaridan biri ham aslida shu.
Abror LATIPOV,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
Navoiy viloyat filiali bosh inspektori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring