Gʻelon va Sarchashmaga borish yanada osonlashadi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Shahrisabz tumanidagi Gʻelon va Sarchashma qishloqlari purviqor Hisor togʻ tizmalari bagʻrida, dengiz sathidan 2000 metrdan oshiq balandlikda joylashgan. Bu maskanlar goʻzal tabiati, toza havosi bilan bir qatorda, togʻliklarning turmush tarzi, necha-necha asrlardan buyon davom etib kelayotgan anʼana va urf-odatlari, dehqonchilik madaniyati, taomlari ham har qanday kishini oʻziga jalb etishi shubhasiz.
Shundan kelib chiqqan holda soʻnggi yillarda Gʻelon va Sarchashma qishloqlarida turizmni rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-dekabrdagi "Gʻelon" turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga asosan, ushbu qishloq hududida zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sogʻlomlashtirish, savdo-koʻngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obyektlarni hamda muhandislik infratuzilmalarini barpo etish belgilangan.
Ayni paytda Hisorak qishlogʻidan Gʻelon qishlogʻiga olib boruvchi 21 kilometr uzunlikdagi hamda Hisorak qishlogʻidan Sarchashma qishlogʻiga olib boruvchi 12 kilometr uzunlikdagi ichki xoʻjalik yoʻllarini uchinchi toifaga moslab qayta qurish ishlari boshlangan.
Loyihaga koʻra, amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida mavjud yoʻlning tor qismlari kengaytiriladi, bu esa transport harakati uchun yanada qulay sharoit yaratadi. Kengaytirish hisobiga daryo tomonga himoya devorlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Shu qatorda qoyatoshlardan tosh tushishining oldini olish maqsadida simli toʻsiq(setka)lar ham oʻrnatiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring