Energiya manbalarga o‘zboshimchalik bilan ulanib, davlatga 5 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan “tadbirkor” fosh etildi
Foto: Xalq so'zi
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorlikda o‘tkazgan tekshiruvlar natijasida Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqaro A.A. tomonidan tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan, tabiiy gaz va elektr energiyasiga noqonuniy ulanish holatlari fosh etildi. Uddaburon “tadbirkor” qonunga xilof tarzda gaz va elektr manbalariga ulanib, 33 sotix yer maydonida 3 ta ohak syexi tashkil etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro A.A.ning noqonuniy faoliyati faqat bir hudud bilan cheklanib qolmagan. Kattaqo‘rg‘on tumanining “Go‘zal” mahallasi hududida joylashgan 2 ta uyda ikkitadan jami 4 ta pech o‘rnatib, mazkur hududda ham tabiiy manbalarga o‘zboshimchalik bilan ulanib olib, noqonuniy ohak ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.
Ochiqlangan qonunbuzarlik holatlari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Yetkazilgan zararning dastlabki hisobi elektr energiyasi bo‘yicha 110 million so‘mni, tabiiy gaz bo‘yicha 5 milliard so‘mdan ortiq miqdorni tashkil qiladi.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, "Xalq so‘zi"
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring