Gʻazoda urushni tugatish boʻyicha uch bosqichli reja taklif qilindi

06:41 26 Dekabr 2023 Dunyo
1038 0

Foto: Reuters

Misr rasmiylari Gʻazo sektoridagi urushni tugatish boʻyicha uch bosqichli rejani taklif qildi. Bu haqda “Times of Israel“ gazetasi xabar bermoqda.

Aniqlik kiritilishicha, birinchi bosqich ikki haftalik sulh va 40 nafar garovga olinganlarni ozod qilishdan iborat. Buning evaziga Isroil 120 nafar falastinlik mahbusni ozod qiladi. Shuningdek, bu vaqtda Isroil tanklari olib chiqiladi va Gʻazo sektoriga insonparvarlik yordami keladi.

Keyin texnokratik Falastin hukumatini tuzish taklif etiladi. Falastin maʼmuriyati va HAMAS harakati oʻrtasida kelishuvga erishilishi kutilmoqda. Qohiraga koʻra, bu Gʻarbiy Sohil va Gʻazoda texnokratik hukumat shakllanishiga olib keladi. U sektorni qayta tiklashni nazorat qiladi.

Uchinchi bosqich keng qamrovli oʻt ochishni toʻxtatish, falastinlik asirlar evaziga qolgan isroillik garovga olinganlarni ozod qilish va Isroil armiyasining Gʻazo sektori shaharlaridan olib chiqib ketilishini oʻz ichiga oladi.

Nashrning yozishicha, Isroil Misr taklif qilgan rejani rad etmagan. Bu esa muzokaralarga olib kelishi mumkin.

Shu yilning 19-dekabr kuni Isroil prezidenti Isaak Gersog Gʻazo sektorida gumanitar tanaffus va HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish uchun Isroil oʻt ochishni toʻxtatishga tayyorligini aytdi. Biroq HAMAS Isroilning harbiy harakatlari tufayli buni rad etdi.

“Biz oʻz pozitsiyamizni tasdiqlaymiz va Isroil tomonidan davom etayotgan harbiy harakatlar kontekstida asirlarni almashish boʻyicha har qanday shakldagi muzokaralar olib borishni qatʼiyan rad etamiz”, — dedi harakatning tashqi aloqalar boʻlimi boshligʻi Basem Naim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер