Gaz taʼminotidagi yutuq va yechimini kutayotgan masalalar OAV vakillari nigohida
Foto: “Xalq soʻzi”
“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali tomonidan press-tur tashkil etildi.
Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirok etdi. Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining «2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Surxondaryo viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbir ishtirokchilari dastlab Jarqoʻrgʻon tumanida joylashgan 7-, 28-, 31-sonli umumtaʼlim maktablarida isitish tizimi tabiiy gaz tarmogʻiga ulangani hamda “Qoʻshtepa” mahallasida ish boshlagan “Yoshlar” kichik sanoat zonasiga 1 km gaz tarmogʻi tortib kelish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar.
— Korxonamizda bir sutkada 2000 tonna turli xildagi shirinliklar tayyorlanadi. Ishlab chiqarish sohasidagi faoliyatimizni samarali tashkil etishda tabiiy gaz taʼminoti juda ham muhim ahamiyat kasb etayotir, — deydi deydi “Zebu zar shirin nur” MCHJ rahbari Oybek Hazratqulov. — Soha vakillarining tavsiyasi bilan energiya tejamkor uskuna oʻrnatilgani bois iqtisodiy tejamkorlikka erishib, ortiqcha sarf-xarajatning oldi olinmoqda. Xususan, tejamkor uskuna yordamida bir kunda 4-5 million, bir oyda esa 120 million soʻm mablagʻimiz tejalishiga erishilyapti.
Jurnalist va blogerlar tanishgan yana bir obyekt – Jarqoʻrgʻon tumanining “Qorayontoq” mahallasida “Yangi Oʻzbekiston” massivini tabiiy gaz bilan taʼminlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Yaqinda ushbu massivni gazlashtirish uchun diametri 59 mm boʻlgan 2400 metr uzunlikdagi tabiiy gaz quvuri tortildi.
Mahalla hududida 16 ta qurilish tashkilotlari tomonidan joriy yil yakuniga qadar 20 ta 5 qavatli uylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 2026-yilga qadar esa 86 ta koʻp qavatli uylar, xizmat koʻrsatish hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilishi belgilangan. Ayni paytda foydalanishga topshirilgan xonadonlarga “aqlli” gaz hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari olib borilyapti.
Aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimining avtomatlashtirilgani shaffof toʻlov va toʻgʻri hisobot yuritish imkonini bermoqda. Bu esa “zangori olov”dan tejab-tergab foydalanish, olis hududlardagi aholi xonadonlarida ham tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotini yanada yaxshilashga xizmat qilayotir.
Press-tur davomida tarmoqdagi bir qator yutuq va yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring