Gaz taʼminotida zamonaviy va shaffof tizim yaratilyapti

11:32 09 Noyabr 2021 Jamiyat
689 0

Ayni paytda Fargʻona viloyatida qariyb 511 ming nafar aholi suyultirilgan, 339 ming nafardan ziyod jismoniy shaxslar tabiiy gaz isteʼmolchilari hisoblanadi.

Taʼkidlash kerakki, viloyatda ushbu sohada xizmat koʻrsatishni zamonaviy mezonlar asosida takomillashtirish, aniqlik va shaffoflikni taʼminlash chora-tadbirlari izchil olib borilmoqda. Ayni maqsadda aholi xonadonlariga 299 ming dona “Aqlli gaz” (Askug) hisoblagichini oʻrnatish rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kungacha 179 mingtasi oʻrnatib boʻlindi. Shu tariqa 7 ta shahar-tumanda “Aqlli gaz” tizimi toʻliq joriy etildi.

“Hududgaz Fargona” gaz taʼminoti filiali Bagʻdod tuman boʻlimida aholini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida ikki bosqichli tizim yaratildi. Bu orqali tabiiy gaz har bir xonadonga teng taqsimlanishiga erishildi.

-Tabiiy gaz yetib borgan beshta mahalla fuqarolar yigʻinidagi aholi xonadonlariga 3 yarim mingdan ortiq “Aqlli gaz” hisoblagichlari oʻrnatildi, - deydi “Hududgaz Fargona” gaz taʼminoti filiali Bagʻdod tuman boʻlimi boʻlim boshligʻi Mirzohid Homidov. – Har bir xonadon uchun alohida gaz taqsimlash qurilmasi oʻrnatilishi natijasida tabiiy gaz yoʻqotilishi, isrofgarchiligining oldi olinmoqda. Avvallari aholiga gaz yetkazib berish jarayonida bir oyda 89 ming metr kub tabiiy gaz sarf etilgan boʻlsa, yangi tizim samarasi sifatida joriy yilning oktyabr oyida bu raqam 19 ming metr kubni tashkil etdi. Shu tariqa bir oyda tejab qolingan tabiiy gaz yana mingta oilani toʻliq tabiiy gaz bilan taʼminlanlash imkonini beradi.

Eng muhimi, yangi tizimga oʻtilganidan keyin debitor qarzdorlikka barham berildi.

-Yangi tizim qulayliklaridan behad mamnunmiz,-deydi “Paxtaobod” MFY, Olmos koʻchasi, 4-uyda yashovchi Qosimjon Umrzoqov. – Nihoyat bir necha yillik qiyinchiliklarga – gaz uzilishlariyu bosim pasayib ketishi bilan bogʻliq holatlarga barham berildi. Oʻz navbatida biz ham isteʼmol qilingan tabiiy gaz toʻlovlarini bajonidil vaqtida toʻlab boryapmiz.

Boʻlim mutaxassislarining maʼlum qilishicha, ushbu tizim avtomatik rejimda ishlaydi. Unda inson omili yoʻq va toʻliq kompyuterlashgan tizim orqali boshqariladi. Natijada har bir xonadonga qish-qirovli kunlarda ham bir meʼyorda gaz yetib boradi.

Aytganday, bugungi kunda Bagʻdod tumanida 3520 ta xonadon tabiiy, 40 mingtasi suyultirilgan gaz bilan barqaror taʼminlanmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер