Gʻalvir suvdan koʻtarilganida...

15:24 14 Yanvar 2022 Jamiyat
1007 0

Yutuqlar va yana yutuqlar

Maʼlumotlarga koʻra,Toshkent viloyatida 3 millionga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda togʻ-kon, metallurgiya, kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash, qurilish industiriyasini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda biqiyos imkoniyatlar mavjud. Viloyatning 2021-yil yakunlari sarhisobiga nazar tashlasak, hududda yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oʻsganini koʻramiz. Sanoat, xizmatlar koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, qurilish-pudrat ishlarini rivojlantirishga ham zoʻr berilmoqda. Tuman va shaharlarda kichik biznesni taraqqiy etirish hamda investitsiya loyihalari koʻlamini kengaytirish davr talabi boʻlib qolayotir. Mutasaddilar taqdim etgan raqamlar tahlili bir qarashda barcha jarayonlar yutuqlar bilan toʻlib-toshganini koʻrsatadi. Masalan, metallurgiya, yengil sanoat, qurilish materiallari hamda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,4 dan 2 barobarga ortgan. Ayniqsa, mahalliy sanoatni rivojlantirish negizida 139 ta loyiharni amalga oshirish hisobiga jami 850,0 mlrd. soʻmdan ortiq mahalliylashtirilgan, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga erishilib, xorijdan keltiriluvchi mahsulotlar hajmi 85 mln. dollarga kamaygan. Bu, albatta, viloyat gʻaznasiga qoʻshilgan muhim ulush sanaladi. Shuningdek, kooperatsiya aloqalarini kengaytirishda ham dadil qadamlar tashlanmoqda. Ohangaron, Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq kabi sanoat shaharlarida eksport qilinuvchi mahsulotlar hajmi yil sayin ortayotir.

Oʻtgan yil yakunidagi tahlillar 47 ta kichik sanoat va 3 ta erkin iqtisodiy hududlarda 11 ming 847 ta, jumladan, kichik sanoat hududlaridagi 137 mlrd. soʻmlik 21 ta loyiha hisobiga 674 ta ish oʻrinlari yaratilganini koʻrsatmoqda. Shuningdek, hududiy Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 4 025 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 636 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 13 ming 334 ta ish oʻrni yaratilgan.

Bulardan tashqari “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida ham bir qator ijobiy natijalar koʻzga tashlanadi. Maktabgacha taʼlim sohasida mahalliy byudjet va homiylik mablagʻlari hisobiga 14 ta, davlat-xususiy sheriklik asosida 6 ta, xususiy tashabbus hisobiga 11 ta, oilaviy nodavlat yoʻnalishida esa 625 ta tarbiya maskanlari barpo etilgan. Pirovardida viloyatdagi 218,6 ming nafar bogʻcha yoshidagi bolalarning 144,9 ming nafari yoki 66,3 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan.

Xalq taʼlimi tizimida ham ushbu dasturlar doirasida mahalliy byudjet hisobidan ajratilgan jami 458,9 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga yangi maktablar qurish, eskilarini joriy va mukammal taʼmirdan chiqarish, yangi sport zallarini oʻquvchilar ixtiyoriga topshirish kabi dolzarb vazifalar ijrosi taʼminlangan.

Biroq...

Biroq oʻtgan yil yakunlanib, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, gʻalvir suvdan koʻtarilganida maʼlum boʻldiki, yutuqlar bilan birga hududda bir qator kamchilik va muammolar hali anchagina. Bu muammolar aslida yildan-yilga oʻtib kelayotgan, har gal viloyatga yangi rahbar kelsa, ijobiy oʻzgarishlarni intiqib kutadigan sodda, bagʻrikeng qishloq odamlarining oʻy-tashvishlariga sabab boʻlmoqda.

Ayrim tuman va shahar hokimlari, tegishli tashkilot hamda korxona mutasaddilari har yili oʻz hisobotlarida butun boshli bir yil davomida eplolmagan reja va topshiriqlarni yil yakunigacha qoyillatish, ulgurmaganlarini keyingi yilda, albatta, oshigʻi bilan uddalash toʻgʻrisida qop-qop vaʼdalar berishadi. Baʼzi tuman va shahar hokimlarining viloyat kelajagi uchun tarixiy voqealarga boy boʻlgan 2021-yil yakunida xalqqa qarata qilgan Murojaati ham xuddi shunday tagi puch vadalar bilan bezatilgan satrlardan iborat boʻldi, desak mubolagʻa sanalmas. Bu murojaatlarni tinglagan kimdir xayolidan “Qoʻysangizchi, hokim toʻra, bari bir eski hammom, eski tos!” degan oʻy oʻtgan boʻlsa, yana kimdir “Sodda xalqning qoʻnjini puch yongʻoqqa toʻldirish oson-da!”-dedi.

Odamlarning bu taxlitdagi eʼtirozlari sababsiz emas! Chunki, bugungi sarhisoblarga koʻra, birgina xalq taʼlimi sohasida 20 ta hududda yangi maktab qurishga ehtiyoj bor, 147 ta maktabga qoʻshimcha binolar zarur. 113 ta maktab esa mukammal taʼmirga muhtoj, 182 ta umumtaʼlim dargohida sport zali umuman yoʻq! 14 ta maktabda ichimlik suvi muammo. Nafaqat maktablar, balki viloyat aholisining 32 foiziga ichimlik suvi yetib bormagan. Yanayam ochigʻi, 144 ta mahalla markazlashgan ichimlik suv taʼminotiga ulanmagan. Viloyatdagi qariyb 3 ming kilometr masofadagi suv tarmogʻi taʼmirga muhtoj. 69 ta suv quduqlari ishdan chiqqan. Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq, Piskent, Quyi Chirchiq kabi tumanlarda bu muammoning yechimi yildan-yilga ortga surilmoqda.

Toshkent viloyatidagi 527 ta MFYda sartaroshxona, poyafzal taʼmirlash ustaxonasi, goʻzallik saloni, dorixona kabi aholining kunlik koriga yaraydigan xizmat koʻrsatish shoxobchalari yetishmaydi. 170 mahallaning elektr taʼminoti izdan chiqqan. 1146,7 kilometr masofadagi elektr quvvati uzatish simlari deyarli yaroqsiz holatga kelgan. Aholini tabiiy gaz bilan taʼminlash borasida ham kamchiliklar yetarlicha topiladi.

Endi bu hududlardagi hokim va taʼlim tizimi rahbarlarining oʻquvchilarga yuqori saviyada dars berilayotgani, sport toʻgaraklari va inshootlarisiz qanday qilib jismonan sogʻlom va barkamol avlod voyaga yetayotgani haqidagi hisobotlariga oʻzingiz baho beravering.

Kamchiliklar berkitilib, yutuqlar koʻpirtirilgani bois 2021-yilda 35 ming 671 nafar maktab bitiruvchilaridan atigi 8 ming 674 nafari yoki 24,3 foizi oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan. Ayniqsa, Chinoz, Yangiyoʻl, Zangiota tumanlari va Bekobod shahridagi maktab bitiruvchilarining bilim darajasi yildan-yilga pastlashib borayotir.

— 2021-2022 oʻquv yilida 30 ming 624 nafar 11-sinf oʻquvchilari oʻrta taʼlim dargohlarida tahsilni tugallaydi. Ularning bilim saviyasini bugundan kechiktirmay mukammallashtirish lozim, — deydi viloyatning yangi rahbari Zoyir Mirzayev. — Shu bois viloyatdagi OTMlarda faoliyat olib boruvchi 110 nafar professor-oʻqituvchilar test sinovlarida bilim saviyasi past, deya, qayd etilayotgan maktablarga biriktiriladi.

Albatta, viloyat rahbarining bu tashabbusi zamirida juda katta maqsad bor. Chunki taʼlim tizimidagi mavjud xato-kamchiliklarni tuzatishga ziyolilar safarbar etilmasa, keyin kech boʻlishi tabiiy.

— Eng achinarlisi, viloyatda zamonaviy maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari qurish uchun davlat tomonidan ajratilayotgan tegishli mablagʻlardan maqsadli foydalanish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilmagan, — deydi Zoyir Mirzayev. — Buyurtmachilar va texnik nazoratchilarning masʼuliyatsizligi tufayli, 2021-yil yakuniga koʻra, 99 ta maktabdan 6 tasida 10,7 mlrd.soʻmlik, 45 ta MTMdan 28 tasida esa 62% qurilish ishlari tugallanmagan. Natijada davlat byudjetidan ajratilgan 51,3 mlrd.soʻmlik mablagʻ oʻzlashtirilmay qolgan.

Tibbiyotdagi depsinishlar

Toshkent viloyatining tibbiyot tizimi ham necha yillardan buyon depsinishdan chiqolmayapti. Shu bois bugungi kunda 1182,5 ta vrachlik lavozimlari vakant holatida. Boʻstonliq, Bekobod, Quyi Chirchiq, Toshkent, Boʻka, Yuqori Chirchiq, Piskent tumanlari va Angren, Bekobod shaharlari aholisining tegishli tibbiyot muassasalariga qilgan murojatlari tahliliga koʻra, ushbu hududlar aholisi koʻproq yurak qon-tomir, oshqozon-ichak, endokrin va onkologik kasalliklardan aziyat chekishmoqda. Olmaliq, Chirchiq, Angren shaharlari hamda Yuqori Chirchiq, Ohangaron, Quyi Chirchiq, Chinoz tumanlarida goʻdaklar oʻlimi darajasi viloyat koʻrsatkichidan yuqoriligicha qolmoqda. Ohangaron, Zangiota, Qibray tumanlari va Ohangaron shahrida esa onalar oʻlimi koʻrsatkichlari baland.

Bu raqamlar viloyat sogʻliqliqni saqlash boshqarmasi rahbarlarini jiddiy oʻylashga undasa-da, haligacha tegishli xulosa chiqarilmayotir. Balki xatolarni tuzatib, mavjud muammolarni bartaraf etishga hali vaqtlimikan-a! Unday deydigan boʻlsak, 2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Ishchi guruh Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan ayollarni qoʻllab-quvvatlash, ularni kasbga yoʻnaltirish, sogʻlom ona tamoyilini shakllantirish borasidagi ishlar bilan tanishish, mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida uyma-uy yurib, aholi vakillari bilan boʻlgan suhbatlar natijasi viloyat hokimligi binosida muhokama qilinganida, aynan viloyat tibbiyot tizimidagi kamchilik va nuqsonlar uchun soha rahbariyati jiddiy ogohlantirilgandi-ku! Biroq hamon tuman va shaharlarda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish madaniyati toʻliq shakllanmasdan qolayotir. Shuning uchun ham bemorlarning katta qismi oʻz dardiga davo topish ilinjida poytaxtga qatnayotir. Viloyatning chekka hududlarida oliy maʼlumotli va tajribali tibbiyot mutaxassislariga ehtiyoj yuqoriligacha qolyapti.

Boqibegʻamlik oqibati

Toshkent viloyatida iqtisodiyot tarmoqlariga xorijiy sarmoyalarni jalb etish, davlat maqsadli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish borasida ham talaygina muammolar mavjud. Xizmat koʻrsatish sohasi esa maqtagulik emas. Ayniqsa, Ohangaron, Piskent, Quyi Chirchiq, Chinoz tumanlarida bu boradagi ishlar achinarli ahvolda.

Viloyatning 13 tumanida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun zarur boʻlgan — sement, sirtqi toshlar, ohaktosh, qum-shagʻal, gʻisht-cherepitsa, silikat buyumlar, keramzit kabi 8 turdagi noyob xomashyo zaxirasi mavjud boʻlsa-da, ulardan samarali foydalanib, bu hududlarda sanoatni rivojlantirish, minglab nafar yangi ish oʻrinlari yaratish tashabbusi yoʻq.

Olmaliqda yirik togʻ-kon korxonasi boʻlishiga qaramay, qimmatbaho toshlar va rangli metallarni qayta ishlaydigan zargarlik sanoati faoliyati yoʻlga qoʻyilmagani ham kishini jiddiy mushohadaga undaydi. Agar joylarda aholiga xizmat koʻrsatuvchi zargarlik ustaxonalari, doʻkonlari ochilsa, odamlar oddiy zirak yoki uzuk xarid qilish va taʼmirlatish uchun poytaxtga qatnamas edi.

Yana bir dolzarb muammo - bu hududda yetishtirilayotgan 1 ming 600 tonna pillaning 70 foizi birlamchi qayta ishlansa-da, tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tayinli korxona yoʻq. Ayniqsa, bir qator tumanlar aholisida ipakchilik borasida katta tajriba va imkoniyatlar mavjud boʻla turib, odamlarning ipak va shoyi matolar toʻqishni yoʻlga qoʻyish borasidagi xohish-tashabbuslari inobatga olinmayotir. Pilla yetishtiruvchi tumanlar aholisi iqtidoridan kelib chiqib, ularni kosibchilik va hunarmandchilikka yoʻnaltirish loyihalari ishlab chiqilganida edi, viloyatdagi ishsizlik koʻrsatkichi sezilarli darajada kamaygan boʻlarmidi? Chunki bugungi tahlillarga koʻra, mehnatga layoqatli aholining 124 ming nafari ishsizlar roʻyxatiga kiritilgan. 135 ming nafar kishi esa xorijiy davlatlarga mehnat migranti sifatida chiqib ketgan.

Eksport borasida ham ishchanlik zarur

Toshkent viloyatida sanoat yalpi mahsuloti ishlab chiqarish va uni eksport qilish hajmi ortishi barobarida xorij bozorlarini meva-sabzavot mahsulotlari bilan taʼminlash rejalarida uzilish sezilmoqda. Bu oqsoqlik Boʻstonliq, Bekobod, Ohangaron va Qibray tumanlarida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Viloyat rahbari bu holatga quyidagicha baho berdi:

— Boʻstonliq tumanidagi “Bananza tade export” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 9,3 mln. dollar, Ohangaron tumanidagi “Expo ohan”da 3,4 mln. dollar, Qibray tumanidagi “Serious status” MCHJda esa 2,8 mln. dollarlik eksport rejalari umuman amalga oshirilmagan.

Bu tahlillar meva-sabzavot yetishtirish borasida boy tajriba toʻplagan ushbu tumanlar imkoniyatidan unumli foydalanish ilinjida tashkil etilgan tegishli korxonalar rahbarlarining xoʻjakoʻrsinga faoliyat yuritayotganini bildirmaydimi?!

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga oid raqamlar tahlili Yangiyoʻl, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Piskent, Zangiota tumanlari hamda Angiren va Yangiyoʻl shaharlaridagi ahvol viloyat koʻrsatkichidan ham past darajada ekanini koʻrsatmoqda.

Maʼlumotlarda viloyatda jami 39 ta klasterlar faoliyat yuritayotgani qayd etilsa-da, mavjud 6 ta paxta-toʻqimachilik, 16 ta meva-sabzavotchilik klasterlari zamon talablariga toʻliq moslashmagan. Ularda tegishli mahsulotlarni chuqur qayta ishlash imkoniyati mavjud boʻla turib, samarali foydalanish mexanizmlari yoʻlga qoʻyilmagan. Shu bois birigina paxtani qayta ishlash borasida ip-kalava yigirish jarayoni soʻnggi bosqich boʻlib qolayotir.

Bekobod tumanidagi “APK Bekobod”, Boʻka tumanidagi “APK Boʻka”, Chinoz tumanidagi “APK Chinoz” korxonalari hamda Oqqoʻrgʻon tumanidagi “ABS Oqqoʻrgʻon” klasteri faoliyatida aynan shu holatlar kuzatilmoqda.

Agar mavjud klasterlar orqali paxta xomashyosini matoga aylantirish, boʻyash, gul bosish, tikuvchilik korxonalarida tayyor kiyim-kechak holatiga keltirib, Oʻzbekiston brendi sifatida chetga eksport qilish loyihalari amalga oshirilganida edi, balki minglab yangi ish oʻrinlari yaratilgan, viloyat iqtisodiyoti yanada barqarorlashgan boʻlmogʻi tayin edi.

Shodiyor MUTAHAROV, Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер