Gʻalla – xalqimizning rizq-roʻzi, uni nobud qilishga hech kimning haqqi yoʻq — Ulugʻbek Qosimov

23:28 04 Yanvar 2023 Jamiyat
831 0

Foto: «Халқ сўзи»

Yil yilga oʻxshamaydi, deydi dehqonlarimiz. Darhaqiqat, shunday. Iqlim oʻzgarishi, ob-havo injiqliklari yer egalarini gohida sarosimaga, gohida oʻziga xos sinovlarga roʻbaroʻ qiladi. Ammo har qanday sharoitda ham zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish moʻl-koʻl hosil yetishtirish garovidir.

Ayni kunlar dehqonchilikda zarur agrotexnik tadbirlarni kechiktirib boʻlmaydigan muhim palla. Ayniqsa, rizq-roʻzimiz manbai — gʻallaga oʻgʻit berish, sugʻorish ishlarini paysalga solish hosildorlikka putur yetkazishi mumkin.

Shunga koʻra Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Qodirov tumanlarda boʻlib, qishloq xoʻjaligiga doir ishlarni muntazam oʻrganib bormoqda.

Oʻrganishlar natijasida aniqlanishicha, Sherobod tumanida 10 ming 700 gektar maydonda gʻalla ekilgan. Shundan bugunga qadar 165 gektar gʻalla maydonida sugʻorish ishlari, 5 ming 600 gektarida oʻgʻitlash ishlari bajarilmagan. Pala-partish olib borilgan agrotexnik tadbirlar tufayli 1 ming 300 gektar maydondagi gʻalla unib chiqmagan, 1 ming 200 gektar maydondagi maysa oʻsishdan orqada qolgan.

Viloyat rahbari tuman masʼullari yoʻl qoʻygan bu kamchiliklarni keskin tanqid qildi. Qayd etilganidek, bir gektar gʻallazordan kamida 60-70 sentner hosil olishi mumkin. Holbuki, hududda gʻalladan 80-100 sentnergacha hosildorlikka erishayotgan fermer xoʻjaliklari koʻp. Muhokama chogʻida viloyat rahbari “Gʻalla xalqimizning rizq-roʻzi, uni nobud qilishga hech kimning haqqi yoʻq”, deya alohida urgʻuladi. Sohada favqulodda holat eʼlon qildi. Ishlarni tizimli tashkil etish, gʻalla maydonlarida oʻgʻitlash, sugʻorish, boʻshab qolgan maydonlarni shudgorlash, dalalar chetlarini tozalash va tut koʻchatlari ekish boʻyicha muhim chora-tadbirlar belgilandi.

Xuddi shuningdek, viloyat rahbari Jarqoʻrgʻon tumanida boʻlib, gʻallazorlar parvarishini ham koʻzdan kechirdi. Mutasaddilar ishtirokidagi yigʻilishda tumandagi gʻalla maydonlarining 450 gektarida belgilangan agrotexnik tadbirlar olib borilmagani tanqid qilindi. Ekin dalalarida kuzgi shudgorlash ishlari yakuniga yetkazilmagan, gʻalla maydoni toʻliq dorilanmagan va boshqa shu kabi agrotexnik tadbirlarning bajarilmagani natijasida tumanning qishloq xoʻjaligi abgor ahvolga kelib qolganiga eʼtibor qaratildi. Koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha masʼullar biriktirilib, ularga aniq vazifalar yuklandi.

Viloyatning Qiziriq tumanidagi oʻrganishlarda ham gʻallachilikda qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani maʼlum boʻldi. 316 gektar gʻalla maydonida belgilangan agrotexnik tadbirlar olib borilmagani natijasida gʻalla unib chiqmagan.

Afsuski, bunday holatlar boshqa tumanlarda ham kuzatilmoqda. Shu bois, qishloq xoʻjaligida zarur agrotexnik tadbirlar vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilish boʻyicha ishchi guruhi tashkil etilib, olib borlayotgan ishlar viloyat shtabida muntazam muhokama qilinmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, 2022-yilda viloyatda 90,8 ming gektar maydonga gʻalla ekilib, oʻrtacha 72,8 sentnerdan, jami 661,4 ming tonna gʻalla xirmoni uyilgan.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер