“Gʻalaba bogʻi majmuasi” faoliyati tashkil etiladi
Arxiv surat
Vazirlar Mahkamasining “Gʻalaba bogʻi majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi va Toshkent shahar hokimligining:
Toshkent shahri Olmazor tumanida barpo etilgan Ikkinchi jahon urushi davriga oid Gʻalaba bogʻi va uning kirish qismi, bogʻ tarkibidagi Markaziy xiyobon, Temir yoʻl vokzali, harbiy texnikalar maydonchalari, Amfiteatr va maʼmuriy bino, Gʻalaba hududi, Urushning dahshatli qiyofasi, Front orti hududi, Motam va anduh hududi, Shodu-xurramlik hududi, Shukronalik hududi, Gʻalaba hududi, Shon-sharaf davlat muzeyi hamda monument va haykallardan iborat yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi shaklidagi “Gʻalaba bogʻi majmuasi” faoliyatini tashkil etish;
Majmuani operativ boshqaruv huquqi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufiga berish;
Majmua hududida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazini bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik beriladi.
Quyidagilar Majmuaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
Ikkinchi jahon urushi maydonlari va front ortida mardlik, jasorat va matonat koʻrsatgan Oʻzbekiston xalqiga yuksak hurmat hamda ehtirom koʻrsatish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnatkashlari nomlarini abadiylashtirish, oʻzbek xalqining buyuk gʻalabaga qoʻshgan hissasini keng miqyosda yoritish;
aholining tarix bilan hamnafas boʻlib, oʻtganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, shuningdek, mazmunli dam olishi bilan bogʻliq maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni hamda respublika va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy anjumanlar, konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari, ijodiy kechalar, koʻrgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;
turistlar, ilmiy tadqiqotchilar va tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, Majmuada zamonaviy kompleks dam olish maskanlarini tashkil etish va uning turistik salohiyatini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;
yoshlarni urushning dahshatli oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chorlash, mustaqillik, tinch va osuda hayotning qadriga yetish, Vatan himoyasiga doimo tayyor turish ruhida tarbiyalash ishlarida qatnashish;
mustaqil ravishda va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi bilan hamkorlikda Ikkinchi jahon urushi davriga oid ekspozitsiyalarni tadqiq etish boʻyicha ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish;
respublika taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda Majmuada ochiq darslar, maʼruza va seminar mashgʻulotlari, talabalarning malakaviy amaliyot oʻtashini tashkillashtirish;
Majmua hududida joylashgan bino, inshoot va boshqa obyektlardan maqsadga muvofiq foydalanish va ularning belgilangan tartibda saqlanishini taʼminlash;
Majmua tarkibiga kiruvchi Shon-sharaf davlat muzeyi fondlari va ekspozitsiyalarini Ikkinchi jahon urushi hamda mehnat fronti qatnashchilari va qahramonlariga oid arxiv hujjatlari hamda ularning mardligi va yuksak jasoratini haqqoniy yoritishga qaratilgan mamlakatimiz va xorijdagi Ikkinchi jahon urushi bilan bogʻliq hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam boyitib borish;
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabada Oʻzbekiston xalqining qoʻshgan ulkan hissani aniq tarixiy hujjatlar bilan asoslash uchun fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish hamda ularni keng jamoatchilikka taqdim etish;
Oʻzbekistonning harbiy tarixini oʻrganish, jumladan, oʻzbek davlatchiligi tarixida muhim oʻrin tutgan buyuk sarkardalar, davlat arboblarining qoʻlga kiritgan yutuqlari, ularning jahon harbiy sanʼatida tutgan oʻrnini ilmiy tadqiq qilish va targʻib qilish;
Ikkinchi jahon urushiga oid muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash, aniqlash, toʻplash, oʻrganish va ularni keng ommaga namoyish qilish, shuningdek, madaniy, maʼrifiy va ilmiy faoliyatni amalga oshirish;
Majmua tarkibiga kiruvchi Shon-sharaf davlat muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, noanʼanaviy ekspozitsiyalar yaratish boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, chet el muzeylari bilan koʻrgazmalar tashkil etish borasida oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;
Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilari hamda faxriylarining hayoti va faoliyatini oʻrganish, ularning koʻrsatgan xizmatlari va qahramonligi haqidagi maʼlumotlarni toʻplash, nashrga tayyorlash va chop etish;
Ikkinchi jahon urushi davriga oid tegishli kolleksiyalar va ashyolarni saqlash, hisobga olish, eksponatga qoʻyish;
Majmua tarkibiga kiruvchi Shon-sharaf davlat muzeyi kolleksiyalari va ashyolariga oid maʼlumotlar bazasini shakllantirish, yuritish, ularni yangilab borish, hamda muzeyning butun fondi reyestri va yoʻl koʻrsatkichini kataloglashtirish ishlarini tashkil etish, shuningdek muzey kolleksiyalari va ashyolarini bosma hamda elektron variantda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy muzey fondiga kiritish yuzasidan takliflar kiritish;
aholiga madaniy-dam olish xizmatlari koʻrsatish.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring