FVV kuchli shamol xavfidan ogohlantirdi
Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, joriy yilning 8-iyulida Oʻzbekistonning shimoliy hududlariga, 9-10-iyul kunlari Respublikamizning barcha hududlariga Kaspiy dengizi orqali Kavkaz hududlari ustida shakllangan nisbatan salqin havo massalari kirib keladi.
7-iyulda Qoraqalpogʻistonda, 8-10-iyul kunlari respublikaning barcha hududlarida baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Baʼzi joylarda esa changli boʻron bilan 25-30 m/s gacha kuchayishi mumkin. Bu haqda FVV maʼlum qildi.
"Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan kuchli shamol kuzatilganda koʻchada harakatlanmaslik, avtomobillarni daraxtlar va boshqa turli mustahkam boʻlmagan konstruksiyalardan uzoqroq, xavfsiz joyga qoʻyishni soʻraydi.
Oʻzingiz va mulkingizni baxtsiz hodisalardan asrang" deyiladi vazirlik xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring