Fuqarolar ham hunarli, ham ishli boʻlmoqda
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, aholini tadbirkorlikka jalb qilish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2020-yil 11-avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi qoshida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi va Kasb-hunarga oʻqitish boʻlimi tashkil etilgani ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kasb-hunar oʻrganish istagidagi ishsiz fuqarolar kundalik turmushda ehtiyoj yuqori boʻlgan hunarlar boʻyicha nazariy, amaliy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishyapti. Jumladan, bu yerda buxgalteriya, ayollar va erkaklar sartaroshi, qandolatchilik, oshpazlik, tikuvchilik, elektr ustasi, santexnik, batler-ofitsiant, yosh bolalar uqalovchisi kabi 10 dan ziyod yoʻnalishlarning zamonaviy usullari boʻyicha bilim hamda amaliy mashgʻulotlar olib borilmoqda.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi direktori oʻrinbosari Muzaffar Abduhakimovning taʼkidlashicha, oʻquv mashgʻulotlari ishlab chiqarishda uzoq yillar samarali faoliyat koʻrsatgan, oʻz kasbining ustasiga aylangan yetuk mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda. Kasb-hunarga oʻqitish boʻlimi 2020-yil 2-noyabrdan buyon oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Ayni vaqtda 120 nafar fuqaro mashgʻulotlarda faol ishtirok etmoqda. Kasb-hunarga oʻqitish boʻlimida shu kunga qadar 4200 nafardan ziyod ishsiz fuqaro kasb-hunarga oʻrgatilib, maxsus sertifikatlar topshirildi.
Oʻquv mashgʻulotlarida turli yoshdagi fuqarolar ishtirok etmoqda. “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” roʻyxatiga kirganlarga stipendiya berilyapti. Ayniqsa, pazandachilik sir-asrorlarini oʻrganish istagida kelgan fuqarolarga nazariy va amaliy mashgʻulotlar olib borayotgan Gulnora Abdujalilova faoliyati tahsinga sazovor. U Xalqaro oʻzbek pazandachilik sanʼati markazi tomonidan tashkil etilgan “Oltin pichoq” koʻrik-tanlovining shahar bosqichida “Mohir ish ustasi” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan.
— Har bir maxsus fan sinfi va oʻquv ustaxonalari bugungi kun talabiga mos holda jihozlangani mashgʻulotlar taʼsirchanligini oshirmoqda,— deydi u. — Shu bois, bizda oʻqigan koʻplab kasb oʻrganuvchilar oʻz yoʻnalishi boʻyicha ishga joylashmoqda. Baʼzilari oshpazlik, qandolatchilik va ayollar sartaroshi sohalarida oʻzlarining oilaviy tadbirkorligini yoʻlga qoʻygani bizni quvontirmoqda.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring