Fransiyaning Oʻzbekistondagi maktabi

18:32 09 Oktyabr 2018 Jamiyat
4415 0
Foto: “Xalq soʻzi Online”. 

“Xalq soʻzi Online”. “Istam Ibrohimov/Buxoro. Gʻijduvon tumanidagi 62-son ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati kutubxonasidan yuzlab oʻquv qoʻllanmalari, darsliklar oʻrin olgan. Javonlarda Fransiyada chop etilgan koʻplab kitoblar ham bor. Ular Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan tuhfa qilingan.

Bu bejiz emas. Mazkur maktab-internatda fransuz tili chuqur oʻrgatiladi. Qishloq maktabining Fransiyadagi bir qator yetakchi oʻquv muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatganiga ham yigirma yildan oshdi. Elchixona xodimlari va fransuz mutaxassislarining kelishlari bu yerda anʼana tusini olgan. Maktabda elchixona tashabbusi bilan bir necha bor fransuz tili oʻqituvchilarining respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy seminarlari oʻtkazilgani ham fikrimiz tasdigʻidir. Shu boisdan ham bu dargohga Fransiyaning Oʻzbekistondagi maktabi deya taʼrif berishadi. Bu maktabda oʻqish istagidagi oʻgʻil-qizlar esa koʻp. Ular davlat test markazi tomonidan maxsus sinovlardan oʻtkazilib, maktabga qabul qilinadi. Bilim dargohi oʻquvchilari safida nafaqat Buxoro, balki qoʻshni viloyatlardan kelgan yoshlarni ham uchratish mumkin.

Foto: “Xalq soʻzi Online”. 

“Oʻndan ziyod oʻquvchilarimiz respublika fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi”da gʻolib boʻlishgan. Keyingi yillarda erishilgan yutuqlardan yana biri ikki nafar fransuz tili oʻqituvchimiz “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida gʻolib chiqqanidir. Shodiyor Nishonboyev, Gulnoza Rahmonova singari fransuz tili oʻqituvchilarining tajribasi viloyat miqyosida oʻrganilib, ommalashtirilgan. Shu maktabni tashkil etishda bosh-qosh boʻlgan rahmatli ustozimiz Said Rahmonov esa respublikamiz umumtaʼlim maktablari fransuz tili darsliklarini modernizatsiya qilish tashabbuskori sanaladi”, — deydi maktab-internat direktori M. Muxtorov.

Darhaqiqat, Fransiyada boʻlib, tajriba toʻplagan va mazkur maktab-internatga uzoq yillar rahbarlik qilgan, “El – yurt hurmati” ordeni sohibi S. Rahmonov tashabbusi bilan 6 va 9–sinf fransuz tili darsliklari, oʻndan ziyod oʻquv–uslubiy qoʻllanmalar, multimediya ilovalar, proyeksion koʻrgazmalar jamlanmalari yaratildi. Ustozning 2002 yilda Fransiyaning “Palm – Akademik” ordeni bilan taqdirlangan ham oddiy oʻzbek muallimi bilim va salohiyatiga berilgan yuksak bahodir.

Maktab jamoasi ayni paytda ezgu anʼanalarni davom ettirib, Oʻzbekiston — Fransiya aloqalarini mustahkamlashga oʻz ulushini qoʻshyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер