Fotofakt: Sirdaryodagi “Ichakuzdi yoʻllar”

18:25 21 Fevral 2022 Jamiyat
1357 0

Foto: “Xalq soʻzi”

“4K661”. Xovos tumanidagi “Yangiyer shahar — Parchayuz qishlogʻi” yoʻnalishidagi ichki avtoyoʻlning rasmiy nomi ana shunday. Lekin uni koʻpchilik “ichakuzdi yoʻl” deb ataydi. Ammo u ichakuzdi hangomalar kabi kuldirib, ichagingizni “uzmaydi”, xushkayfiyat ham bermaydi. Aksincha, asabingizni qoʻzgʻatib, ichingizni toʻkib tashlaydi. Negaki, uning turgan-bitgani uydim-chuqurlardan iborat. Chuqurlarga tushmaslikni hadisini olgan har qanday mohir haydovchi ham bu yoʻlning “sinovi”dan oʻtolmaydi. Asosiy qatnov qismida butun joy qolmagani bois haydovchilar yoʻlning ikki chetidan suqmoqlar «qurib» olgani ham bunga dalolat.

Foto: “Xalq soʻzi”

Haydovchilar ravonlik izlab avtomobillarini yoʻlning duch kelgan qismidan haydayveradi. Deylik, oʻngdan ketayotgan chapdan, chapdan harakatlanayotgani oʻngdan. Yo boʻlmasa, suratda koʻrib turganingizdek, bir tomonga borayotgan mashinalar toʻrt-besh qatorlab ham yuraveradi. Bu qoidabuzarlik, albatta, ammo boshqa iloji ham yoʻqda. Qolaversa, harakat yoʻnalishlarini ajratuvchi chiziqlarning oʻzi ham yoʻq. Xullas, mazkur yoʻl va unga tutash ichki tarmoqlar juda-juda abgor ahvolda.

Foto: “Xalq soʻzi”

Xoʻsh, tezlikni 10 kilometr-soatga ham yetkazib boʻlmaydigan yoʻlda tez tibbiy yordam mashinalari chaqiruvga zudlik bilan yetib bora oladimi? Boshqa shoshilinch xizmatlarchi? Vaholanki, “ichakuzdi yoʻl” bu yogʻi “Jizzax — Qoʻqon” avtoyoʻliga, boshqa tarmogʻi Xovos tumani hamda Boyovut shaharchasiga olib boruvchi yoʻllarga tutashguncha, tegrasida bir necha aholi yashash manzillari mavjud.  Va ayni paytda u bir necha manzillarni bogʻlovchi va hudud iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega kommunikatsiya tarmogʻi ham hisoblanadi. Yaʼni uni juda ham chekka va ichki yoʻl deb ham boʻlmaydi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Xovos tumani yoʻllardan foydalanish unitar korxonasidan olingan maʼlumotga koʻra, “4K661” avtoyoʻli mazkur tizim tasarrufida emas ekan. Yaʼni yoʻlni taʼmirlash uchun mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratilsa, yoʻlsozlar bu ishni bajaradi. Ehtimol, Xovos tumani hokimligi anchayin yuqori darajada taʼmirtalab boʻlib qolgan mazkur yoʻlni epaqaga keltirish boʻyicha qandaydir choralar koʻrayotgandir. Lekin asl manzara shuki, “4K661” avtoyoʻlining ahvoli sizu biz kuzatadigan uydim-chuqur yoʻllardanda xarob ahvolga kelgan. Tuman mutasaddilar masalaning ana shu jihatiga birinchi navbatda eʼtibor beradi degan umiddamiz.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер