Maktab oʻquvchisi firibgarligi sabab toʻrtinchi marta jazoga tortildi

12:47 28 Yanvar 2019 Jamiyat
1750 0

Illyustrativ foto

Uch marta firibgarlik jinoyati boʻyicha javobgarlikka tortilgan maktab oʻquvchisi toʻrtinchi marotaba uni sodir etganda qoʻlga olindi.

Navoiy viloyati IIB matbuot xizmati taqdim etgan maʼlumotga koʻra 18 yoshli mazkur oʻquvchi 2001 yil Navoiy viloyati Karmana tumanida tugʻilgan. 2018 yil avgust oyida Qoʻqon shahrida yashaydigan yigit bilan shaʼriy nikohdan oʻtgan. Shu kunga qadar Namangan viloyatida istiqomat qilib, sentyabr oyidan buyon maktabda darslarga qatnamayotganligi aniqlangan.

Bevosita “toʻrtinchi” jinoyat tafsilotlariga kelsak, “oʻquvchi”(shartli ravishda shunday ataylik) Navoiy shahridagi “Savdo kompleksi” hududidagi 115- savdo doʻkonidan qiymati 5million 660 ming soʻmlik ayollar tilla taqinchoqlarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritib, voqea joyidan qochib ketgan.

Oʻsha kuni “oʻquvchi” Navoiy shahridagi dehqon bozorida aravakashlik qilib yurgan J ismli yigitga uy ishlarida yordam bersa 20 ming soʻm haq toʻlashini, yoʻl-yoʻlakay tilla buyumlar sotiladigan doʻkondan taqinchoq xarid qilish uchun kirishi kerakligini aytib uning ishonchiga kiradi. Doʻkonda esa sotuvchiga “aravakash”ni oʻz sifatida tanishtiradi.

“Tillalarni haqiqiyligini doʻkon yonidagi zargarga olib borib tekshirtiraman, gramminiyam oʻlchataman. Ukam shu yerda oʻtirib turadi deb sotuvchini aldab chiqib ketdim, - deydi “oʻquvchi”. – “Aravakash” bolaning bu rejamdan xabari yoʻq edi. Unga suhbat paytida tugʻishgan ukam haqida aytib bergandim. Ukamni tanigandek boʻldi va meni oʻrtogʻining opasi deb oʻylab, doʻkonchiga uni ukam deb tanishtirganimga indamay qoʻya qoldi.”

Shahar IIBning tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida “oʻquvchi” qoʻlga olindi.

Navoiy shahar IIOFMB 3-sonli IIB huzuridagi Tergov guruhi taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra u muqaddam 3 marotaba sudlangan. Unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan 2 marta ayblov eʼlon qilingan va qidiruvga berilgan.

Hozirda “oʻquvchi”ning shunga oʻxshash jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tergov surishtiruv jarayonlari davom etmoqda.

Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер