Finlyandiyadagi maktablardan biri otishma yuz berdi. Qurbonlar bor
Foto: AFP
Bugun, 2 parel kuni ertalab Finlyandiyadagi maktablardan birida sodir boʻlgan otishmada bir oʻquvchi halok boʻldi, ikki nafari ogʻir tan jarohati oldi. Bu haqda mahalliy huquq-tartibot idoralari maʼlum qildi.
“Vantaa shahridagi maktabda otishma yuz berdi, natijada 6-sinf oʻquvchisi halok boʻldi. Ikki bola ogʻir yaralandi”, — deydi politsiya vakili matbuot anjumanida.
Politsiyaning aniqlik kiritishicha, hodisaning barcha ishtirokchilari 12 yoshli maktab oʻquvchilari boʻlgan. Voyaga yetmagan gumonlanuvchi qoʻlga olingan, uning yonida oʻqotar qurol boʻlgan.
Finlyandiya matbuotiga koʻra, ushbu maktabda 800 ga yaqin oʻquvchi tahsil oladi, maktab xodimlari esa 90 kishini tashkil qiladi.
Finlyandiyada bunday hodisalar kam uchraydi. 2007-yilda 18 yoshli maktab oʻquvchisi Jokela litseyida sakkiz kishini oʻldirib, keyin oʻz joniga qasd qilgandi. 2008-yilda 22 yoshli talaba oʻz joniga qasd qilishdan oldin Kauxajokidagi kollejida 10 kishini oʻldirgandi. Ularning ikkalasi ham hujum arafasida “Youtube”da insoniyatga nafrat haqida gapirgan videolarni joylashtirgan.
Finlyandiya hukumati ushbu ikki hodisadan keyin qurolga egalik qilish qonunlarini kuchaytirdi. Mamlakatda qurolga egalik qilish kamida bir yil davomida otishma klubiga aʼzo boʻlgan va ruhiy kasallik yoʻqligini tasdiqlovchi tibbiy koʻrikdan oʻtgan kattalarga ruxsat etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring