Finlyandiya kompaniyalari O‘zbekistondagi ichimlik suvi bilan bog‘liq loyihalarga qiziqmoqda

12:24 19 Aprel 2023 Jamiyat
995 0

Shu kunlarda “Xalq so‘zi» tahririyatining ijodiy jamoasi xizmat safari bilan Finlyandiyada bo‘lib turibdi.

Safarning navbatdagi kunida ijodiy guruh Finlyandiyaning “Finnish Water Forum” kompaniyasida bo‘ldi. Bu yerda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligining suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili Antti Rautavaara, “Finnish Water Forum” kompaniyasi loyihalar rahbari Arvo Nerman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Finlyandiya suv forumi (Finnish Water Forum - FWF) o‘z a’zolari orqali Finlyandiya suv sektoridagi turli xil tajribalarini ifodalaydi. Qarorgohi Helsinki shahrida joylashgan ushbu tashkilot suv sektorining qo‘shma tarmog‘i va ko‘p manfaatdor tomonlarning hamkorlik platformasi hisoblanadi. 130 dan ortiq a’zo tashkilotlarga ega FWF xususiy sektor kompaniyalari, tadqiqot institutlari va universitetlari, ta’lim muassasalari hamda davlat va nodavlat tashkilotlarining suv bo‘yicha jahondagi yetakchi nou-xau va texnologiyalarini birlashtirgan.

FWF Finlyandiya tajribasi orqali global suv, iqlim va biologik xilma-xillik muammolari uchun barqaror yechimlarni yaratishda, sektorlararo yaqin hamkorlikda suv resurslarini barqaror boshqarishga kompleks yondashuvlarni yo‘lga quyishda ko‘maklashadi.

Qayd etish joizki, Finlyandiya jahondagi eng toza ekologiyaga va yashil hududlarga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, Shimoliy Yevropaning ushbu davlati – lojuvard ko‘llar, billurdek toza chashmalar mamlakati hamdir. Bu yerda 187 ming 888 ta ko‘l bor va ularning 85 foizi iste’mol qilishga yaroqli. Ularning suvlari iste’mol uchun xavfsiz, hatto totli hamda salomatlikka foydalidir.

Zamonaviy texnologiyalar va laboratoriyalarga ega FWF ana shunday yuqori sifatdagi obihayotni butun dunyo aholisi iste’mol qilishi tarafdori. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borayotgan ushbu tuzilma jahon bo‘ylab turli loyihalarni amalga oshirib kelayotir.

Muloqotda Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda suv masalasi nihoyatda dolzarbligi, mamlakatda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotgani ta’kidlandi. Orol dengizi fojiasining oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirolayotgan ishlarga yuqori baho berildi. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar aholi salomatligini ta’minlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер