FIFA Series musobaqasi oʻz yakuniga yetdi
Foto: OʻFA
Kecha, 31-mart kuni FIFA kunlari doirasida oʻtkazilgan FIFA Series musobaqasi yakunlandi. 9 ta mamlakatda tashkil etilgan ushbu turnirda quyidagi terma jamoalar chempion boʻldi:
Avstraliyada tashkil etilgan musobaqada Avstraliya terma jamoasi chempionlikni qoʻlga kiritdi. Jamoa musobaqada Kamerun va Kyurasao terma jamoalarini magʻlub etdi;
Ozarbayjon mezbonligida oʻtgan musobaqada Ozarbayjon terma jamoasi gʻolib boʻldi. Jamoa turnirda Sent-Lyusiya va Syerra-Leone mamlakatlarini magʻlubiyatga uchratdi;
Indoneziyada oʻtgan turnirda Bolgariya terma jamoasi gʻolib boʻldi. Bolgarlar turnirda mezbon Indoneziya va Solomon orollari termasini magʻlubiyatga uchratdi;
Qozogʻistonda oʻtgan musobaqada Qozogʻiston termasi gʻolib boʻldi. Mezbonlar turnirda Namibiya va Komor orollari termasi ustidan gʻalabaga erishdi;
Yangi Zelandiyada oʻtgan turnirda Finlyandiya termasi chempion boʻldi. Jamoa musobaqada Yangi Zelandiyani magʻlub etdi va Kabo-Verde bilan durang oʻynadi;
Puerto-Rikoda oʻtgan musobaqada mezbon jamoa gʻalaba qozondi. Jamoa turnirda Virgin orollari va Guamni magʻlub etdi;
Ruanda mamlakati 2 ta guruh oʻyinlariga mezbonlik qildi. Oʻzi qatnashgan guruhda Ruandaning oʻzi chempionlikni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi guruhda esa chempionlik Aruba termasiga nasib etdi;
Va albatta, Oʻzbekiston mezbonlik qilgan guruhda Fabio Kannavaro boshqaruvidagi jamoa gʻolib boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring