Fidoyi mehnatning munosib eʼtirofi: Senatda davlat mukofotlari oʻz egalariga topshirildi
Bugun islohotlar nafasi yetmagan shahar, qishloq va mahalla qolmadi. Har bir hududning oʻziga xosligi inobatga olinib, yirik sanoat korxonalari, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilmoqda. Natijada mamlakatimiz iqtisodiyoti mustahkamlanib, xalqimiz farovonligi taʼminlanmoqda.
Bularning barchasi xalqimizga erkinlik, roʻshnolik olib kelgan mustaqillik sharofati bilan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bu soʻzlarning ortida qanchadan-qancha ayanchli taqdirlar, azob-uqubatlar, mislsiz mehnat, fidoyilik, jasorat yotibdi. Shu bois yurtimizda mustaqillik sanasi har yili katta shodiyonalar, shukronalik tadbirlari bilan qarshi olinadi.
Jonajon vatanimiz mustaqilligi, taraqqiyoti yoʻlida fidoyilik koʻrsatayotgan, sadoqat bilan mehnat qilayotganlar anʼanaga koʻra istiqlol ayyomida davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlanadi.
Bu yil ham Prezidentimizning tegishli Farmoniga koʻra mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, xalqimiz farovonligini taʼminlash borasidagi koʻp yillik samarali mehnati, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, uning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, inson qadrini ulugʻlash kabi ezgu maqsadlar yoʻlidagi katta xizmatlari, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi ibratli ishlari, shuningdek, yorqin isteʼdodi, keng qamrovli ijodiy, ilmiy-amaliy faoliyati, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir qator hamyurtlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oliy Majlis Senatida davlat mukofotlari oʻz egalariga topshirildi. Mukofotlarni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva topshirdi.
Tadbir davomida mukofotlanganlar soʻzga chiqib, oʻzlarining kamtarona mehnatlari davlatimiz, Prezidentimiz tomonidan yuksak eʼtirof etilganini qayd etib, oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring