Fevralda isteʼmol sektoridagi tovarlar va xizmatlar 0,6 foizga qimmatladi

15:56 05 Mart 2026 Iqtisodiyot
454 0

2026-yilning fevral oyida isteʼmol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari oʻrtacha 0,6 foizga oshgan. Bu haqida Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi.

Yillik isteʼmol narxlari indeksi (INI) 107,3 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning shu oyiga (2025-yil fevral — 110,1 foiz) nisbatan 2,8 foiz bandga pasaydi.

Fevral oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 0,9 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,2 foizga hamda aholiga koʻrsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,6 foizga qimmatlashgani kuzatilgan.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan pomidor (12,1 foiz), qovoq (11,7 foiz), kartoshka (5,0 foiz), olma (4,1 foiz), uzum (3,5 foiz), banan (3,0 foiz), qoʻy goʻshti (2,6 foiz), shakar (2,1 foiz), sabzi (1,8 foiz), parranda goʻshti (1,4 foiz), mol goʻshti (suyaksiz goʻshtdan tashqari) (1,6 foiz), tovuq tuxumi (0,7 foiz), obinon (0,6 foiz) va birinchi navli bugʻdoy uni (0,5 foiz) narxlarining oshishi inflyatsiyaga asosiy taʼsir koʻrsatdi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyatsiyani pasaytiruvchi omil sifatida bodring (-13,8 foiz), mandarin (-5,6 foiz) hamda barcha navdagi guruch va guruch oqshogʻi (-0,9 foiz) narxlarining pasayishi muhim hissa qoʻshdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan qimmatbaho metallardan yasalgan nikoh uzuklari (1,5 foiz) hamda tomir kengaytiruvchi preparatlar (0,6 foiz) narxlari oʻsishi shuningdek, AI-92 markali benzin (-0,5 foiz) narxi pasayishi kuzatildi.

Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida uzoq masofaga qatnaydigan poyezdda yoʻl haqi (14,0 foiz), maishiy chiqindi uchun haq toʻlash (4,7 foiz), ichki va xalqaro yoʻlovchi havo transporti (4,4 foiz), erkaklar va oʻgʻil bolalar uchun sartaroshxonalar xizmatlari (0,9 foiz), stomatologik profilaktik xizmatlar (1,0 foiz) va taksida yoʻl haqi (0,9 foiz) narxlari oshishi asosiy omil boʻlib xizmat qildi.

Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalaridan 1,2 mlnga yaqin narxlar qayd etilgan. 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер