Fazolarni koʻzlagan Farangiz

19:32 31 Yanvar 2023 Jamiyat
706 0

Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida joylashgan 17-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Farangiz Xolmatova muddatidan oldin AQSHning toʻrtta nufuzli oliy taʼlim muassasasi talabaligiga qabul qilindi.

Shu tariqa u kirish imtihonlarini onlayn tarzda topshirib, okean orti yurtining Ozarsk (University of the Ozarks), Seton-Xoll (Seton Hall University), Xofstra (Hofstra University) hamda Delavera (University of Delaware) universitetlarida oʻqish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Oʻz navbatida Farangiz ushbu universitetlarda oʻqish uchun hozirgacha 300 ming AQSH dollaridan ziyod miqdordagi grantlarni ham yutdi.

— Rus, ingliz va fransuz tillarini bilaman va ularni hech qanday maxsus kurslarga qatnamay, mustaqil oʻrganganman, — deydi Farangiz. — Bugungi kunga qadar AQSH universitetlaridan tashqari Angliya, Avstraliya, Irlandiya, Ruminiya, Turkiya davlatlaridagi xalqaro oliy oʻquv yurtlariga ham onlayn imtihonlar topshirganman. Natijalar mart oyi yakunigacha chiqadi.

Taʼkidlash joizki, bu intiluvchan qizning ota-onasi geologiya-qidiruv sohasida ishlab nafaqaga chiqqan. Akasi ota-ona yoʻlidan ketdi, opasi tibbiyot sohasida ishlaydi. Oila kenjatoyi Farangiz astronomiya sohasida yetuk mutaxassis boʻlishni qatʼiy maqsad qilgan.

— Bolaligimdan fazoga qiziqaman, astronomiyani mukammal oʻrganib, fazoviy tadqiqotlar qilishni istayman, — deydi u. — Qaysi xorijiy davlatda oʻqisam ham, astronomiya eng kuchli oʻqitiladigan oliygohni tanlab, oʻz maqsadlarimni amalga oshirishga harakat qilaman.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер