Farzandimni harbiy libosda koʻrib faxrlandim — Dildora Mahkamova

21:32 09 Yanvar 2024 Jamiyat
534 0

Sharqiy harbiy okrug Fargʻona garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni oldidan “Askar onalarini sharaflaymiz!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimligi, viloyat harbiy-maʼmuriy sektori, Sharqiy harbiy okrug masʼullari hamda mamlakatimizning turli hududlarida xizmat burchini oʻtayotgan fargʻonalik askarlarning onalari, harbiy xizmatchilar qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz rahbarligida soʻnggi yillarda harbiy sohada olib borilgan islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi, qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligi tubdan oʻzgardi. Bu borada viloyat harbiy-maʼmuriy sektori faoliyati ham muhim ahamiyat kasb etayotir.

— Bugun Vatanni himoya qilishdek muqaddas burchini ado etayotgan farzandimni harbiy libosda koʻrib behad faxrlandim, — deydi Qoʻshtepa tumanining “Solijonobod” MFY, Solijonobod koʻchasida yashovchi Dildora Mahkamova. — Buxoroda harbiy xizmatda boʻlgan oʻgʻlim Gʻiyosiddin Sobirjonovni ekran orqali koʻrgan boʻlsam ham sogʻinchim aridi. “Onajon, askar oʻgʻlingizdan salom” deya mayin jilmayganda koʻzimga yosh keldi.

Shuningdek, muloqotda yurtimizning turli hududlarida xizmat burchini bajarayotgan bir guruh fargʻonalik harbiy xizmatchilar ishtirokida tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi.

Uchrashuv soʻngida askar onalariga esdalik sovgʻalari topshirildi. Sharqiy harbiy okrug Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri jamoasi hamda viloyat sanʼatkorlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga xush kayfiyat baxsh etdi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер