Farzandiga rahnamolik qilish ota uchun sharaf. Ammo?..

16:45 30 Yanvar 2024 Jamiyat
245 0

Oramizda shunday insonlar borki, ular qaysidir maqsadda qarz oladilarda, toʻlashga kelganda uddasidan chiqa olmaydilar. Afsuski, ularning aksariyati qochib yurishni afzal biladi. Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasining qidiruv shoʻbasi tomonidan qidiruvdagi qarzdor shaxslar va ularning mol-mulklari turgan joyini aniqlash hamda qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida mamlakat boʻylab qidiruv tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.

— Xususan, sud qarorlariga asosan qarzdor deb topilgan 632 nafar shaxsga nisbatan qidiruv eʼlon qilinishi natijasida 438 nafari topildi, — deydi qidiruv shoʻbasi katta inspektori Nizomiddin Begmatov. — Ayni paytda mahalliy qidiruvda boʻlgan 73 nafar va chet ellarga chiqib ketgan 121 nafar shaxsni izlab topishga qaratilgan tadbirlar davom etyapti.

Bu tadbir natijasida yuzlab jabrlangan oilalarning mushkuli oson boʻlmoqda. Masalan, Andijon shahrida yashovchi Yu. D. farzandi uchun toʻlanishi kerak boʻlgan 40 mln. soʻm aliment pulidan boʻyin tovlab, yashirinib yurgan edi. Ota boʻlish oson-u, otalik vazifasini bajarish qiyinligini anglab yetgan bu shaxs endilikda zimmasidagi burchni ado etishiga toʻgʻri keladi. Qolaversa, oʻz farzandiga rahnamolik qilish har bir ota uchun sharaf emasmi?

Ota-onalar ajrashganida eng koʻp jabr koʻradigan farzandlar boʻladi. Bunday hollarda bolalar amaldagi qonunlarimizga binoan onada qolishi kerak. Biroq, ayrim hollarda otalar aliment toʻlashdan bosh tortib yoki boshqa sabablarga koʻra farzandlarni oʻzlari bilan olib qolishga harakat qiladilar. Oltinkoʻl tumanida yashovchi fuqaro К.У. ham turmush oʻrtogʻi bilan ajrashgach, ikki nafar farzandini oʻzi bilan olib qolishga harakat qiladi. Qarshiliklarga qaramasdan u farzandlarini olib qochishga qaror qiladi.

Olib borilgan qidiruv ishlari natijasida ota ushlab kelindi va hozirda bolalar onasi qaramogʻiga topshirildi.

Bu kabi tadbirlar davom etmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер