Fargʻonalik novvoy rekordni yangiladi

10:28 17 Mart 2025 Jamiyat
149 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oʻtkir Mamajonov Fargʻonada koʻp yillik katta hayotiy tajribaga ega novvoy sifatida mashhur. Ijtimoiy tarmoqning faol kuzatuvchisi boʻlgan qahramonimiz ulkan non tayyorlash boʻyicha oʻz mahorati sinovdan oʻtkazdi.

Gap shundaki, keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yurtimiz novvoylari tomonidan tayyorlangan 16 kilogrammli non mavzusi rosa trend boʻldi. Bu haqdagi fikr va mulohazalarni kuzatgan Oʻtkir novvoy ushbu rekordni yangilash maqsadida astoydil ishga kirishdi.

— Besh nafar shogirdimni yonimga olib, dastlab maxsus xamir tayyorlandi, — deydi u. — Buning uchun 16 kg. un, 3 kg. yogʻ va 3 kg. suv kerak boʻldi. Non mazali va oʻziga xos koʻrinishga ega boʻlishi uchun yongʻoq magʻzi, mayiz hamda sedana qoʻshildi. Non tandirga yopishdan oldin tarozida tortib koʻrilganda 23 kg. tosh bosdi.

Bunday ulkan hajmdagi nonni oddiy tandirda yopish oson boʻlmadi. Shu bois shogirdlar tandirning chetlarini biroz buzishiga toʻgʻri keldi. Shunday qilib u tandirga yopilgach, oʻrtacha 2-2,5 soatda mazali boʻlib pishdi. Tarozida tortilganda 21 kg. chiqdi. Bu non haqida eshitib, koʻpchilik xaridor boʻldi, lekin sotishmadi. Mehr ramzi sifatida qadrdonlarga ozgina-ozginadan tarqatildi.

— Hozircha 16 kg.li rekord yangilandi, — deya suhbatimizni davom ettiradi tinib-tinchimas novvoy. — Ammo yaqin vaqt ichida maxsus tandir qurdirib, 50 kg.li non yopishni maqsad qilganmiz. Bu nonni oʻrtacha bir oila 10 kun davomida isteʼmol qilishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер