Farg‘onada urush qatnashchilariga e’zoz va ehtirom ko‘rsatilmoqda
Foto: «Xalq so‘zi»
Prezidentimizning joriy yil 2 may kungi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida Farg‘ona viloyatida ham Ikkinchi jahon urushi faxriylari xonadonlariga tashrif buyurilib, ularga Prezidentimizning bayram tabrigi, 18 million so‘mdan pul mukofoti hamda sovg‘alar va kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari topshirilmoqda.
Samimiy muloqotlar davomida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona tumanida yashovchi Ikkinchi jahon urushi faxriylari Orifjon ota Mo‘minov, Tursunbek ota Isanbekov va Qoraboy ota Teshaboyevlar xonadonida bo‘ldi. Yuzma-yuz uchrashuvda urush fixriylari va ularning oila a’zolarini Xotira va qadrlash kuni bayrami bilan qutladi. Shuningdenk, davlatimiz rahbarining tabrigini o‘qib eshittirdi va mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.
- Ayni navqiron 19 yoshimda urushga ketgan edim,-deya xotirlaydi Farg‘ona tumanining Xonqiz qishlog‘ida yashovchi Tursunbek ota Isanbekov. – Gʻalabadan so‘ng uyga qaytib, bir umr qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qildim. O‘z navbatida 8 nafar farzandni kamolga yetkazdik. Bugun davlatimiz, Prezidentimizning e’tibor va e’zozidan mamnun bo‘lib, oilamiz davrasida baxt va farog‘atda umrguzaronlik qilmoqdamiz.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Oybek Saidov, viloyat mudofaa va xavfsizlik tizimlari, viloyat sektorlari rahbarlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida Toshloq tumanida yashovchi Odiljon ota Zokirov va Fayzullo ota Eminov, Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi To‘lanboy ota Shokirov va Qahhorjon ota Mag‘ripov xonadonlarida ham yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlarda davlatimiz rahbarining urush faxriylariga bayram tabrigini o‘qib eshittirib, 18 million so‘mdan pul mukofotlari tantanali ravishda taqdim etildi.
- Prezidentimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan doimiy mehr va g‘amxo‘rlik uchun minnatdormiz,-deydi oltiariqlik To‘lanboy ota Shokirov. – Bunday e’tibor va rag‘bat qalbimizni tog‘dek yuksaltiradi, dorilomon kunlar shukuhidan bahramand bo‘lib yashashga bo‘lgan ishtiyoqimizni kuchaytiradi.
Ayni kunlarda viloyat bo‘ylab Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari davom etmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring