Fargʻonada uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi

20:42 08 Aprel 2022 Jamiyat
1057 0

Foto: Халқ сўзи

Hayot soʻqmoqlaridan yorugʻ yuz bilan oʻtib, yurt ravnaqi, el farovonligi yoʻlida fidokorona mehnat qilgan nuroniylarning umr yoʻli hamisha yoshlar uchun ibrat maktabi vazifasini oʻtaydi.

Fargʻona shahrida oʻtkazilgan “Keksalar - eʼzozimizda” deb nomlangan uch avlod uchrashuvida ham xalqimizga xos ezgu anʼanalar yaqqol namoyon boʻldi. Unda barcha shahar-tumanlardan piru badavlat nuroniylar, fayzli oila sohiblari hamda yosh avlod vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bugun keksalik gashtini surayotgan otaxon va onaxonlarning har bir soʻzi, hayotiy tajribasi yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda gʻoyatda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

— Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etilishining oʻzi jamiyatda faxriylarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaldagi yana bir tasdigʻidir, — deydi Fargʻona viloyati mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, viloyat Nuroniylar kengashi raisi Zokirjon Rahmonov. — Endilikda mahallalarda nuroniylar bilan ishlash tizimi yanada takomillashmoqda. Bunday ragʻbat har bir keksaga kuch-gʻayrat, ertangi kunga intilib yashash ilinjini oshiradi.

Xalqimizga xos ezgu fazilatlar namoyon boʻladigan bugungi qutlugʻ kunlarda “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” shiori ostida urush va mehnat faxriylari, ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan keksalar holidan xabar olinishi ham juda savobli ishdir.

Shirin diydor barchaga xushkayfiyat baxsh etib, faol va fidoyi hamyurtlar esga olindi, davraning fayzi boʻlgan katta avlod vakillariga ehtirom koʻrsatildi. Dorilomon kunlar shukronasiga hamohang maʼrifiy suhbatlar davomida ertangi kun istiqboli yoʻlidagi xayrli ishlar bardavom boʻlishi uchun ezgu tilaklar bildirildi.

Tantanali tadbirda Ikkinchi jahon urushi qahramonlarining oila aʼzolari, mustaqillik yillarida davlatimizning eng yuksak unvonlari bilan taqdirlangan fargʻonalik Oʻzbekiston Qahramonlari va ularning yaqinlariga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер