Fargʻonada tokzorlarga subsidiyalar ajratilmoqda
Xabaringiz bor bugun odamlarni boqimandalikdan chiqarish. ularning oʻz tashabbuslari yordamida oilasiga daromad olib kirishga koʻmaklashish dolzarb masalaga aylangan. Shu sababli, davlat zaxirasiga olingan yerlar aholining ishsiz qatlami hamda yoshlarga ajratib berilgan edi. Bugun ushbu maydonlar ekinzorlarga aylanib yashillik kasb etgan. Endilikda ularga subsidiyalar ham taqdim etilmoqda.
Fargʻona viloyatining bepoyon adirliklari boʻylab tokzorlar tashkil etilmoqda. Ayniqsa, joriy qishloq xoʻjaligi yili boshlanishida viloyat boʻyicha 2300 gektar yer maydonlarida tokzorlar tashkil etildi. Ularning 1000 gektardan ziyodi esa avvallari paxta va gʻalla ekilgan yerlar hissasiga toʻri keladi.
Oltiariqlik Xayrullo Boymatov fermer xoʻjaligida ham shu tartibda tokzorlar barpo qilindi. Fermerning aytishicha, bu bilan yerdan samarali foydalanish hamda eksportbop mahsulot ishlab chiqarish mexanizmi yaratildi.
–Avvallari bir gektar bugʻdoydan oʻrtacha 2-3 millionga yaqin daromad qilar edik, –deydi Xayrullo Boymatov. – Hozirgi kunda esa aynan ana shu ekin maydonlaridan 25-30 tonna kartoshka olyapmiz. Tokzor qator oralaridagi poliz mahsulotlari yigʻishtirib olingach, yerga ikkinchi daromad manbai - tarvuz koʻchatlarini joylashtiramiz. Uzumdan esa 30-40 tonnagacha hosil olib, kilosini 1,5 dollardan eksportga yoʻnaltirilyapti. Bu esa barpo qilingan yangi tokzorlar evaziga yana uch yildan soʻng Oltiariq tumanining oʻzidan 60-70 ming tonna uzum mahsulotlari xorijga eksportga yoʻnaltiriladi, degani.
Bugun fermer ekkan uzum koʻchatlari joylashgan dalalarda bir necha turdagi sabzavot va poliz ekinlari ham parvarishga olingan.Bir qarashda yerdan omilkorlik bilan foydalanishga kirishilganini koʻrish mumkin. Masalan, birinchi tokzorda kartoshka gulladi. Demak, ildizdagi hosil baravj rivojlanmoqda. Qoʻshni dalalarda esa pudratchi tariqasida fermer bilan ishlayotgan oilalar vakillari pomidor, qalampir, yeryongʻoq kabi ziroatlarni,shuningdek, poliz ekinlarini qarovga olgan.
Mazkur xoʻjalikka ham Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan 1 mlrd. 200 mln. soʻm subsidiya ajratildi.Ayni kunlarda fermer ushbu mablagʻlar yordamida tokzorlarga tayanch moslamalar va tokni ushlab turuvchi toʻr simlar tortishga sarflamoqda.
“Fergana Franc” masʼuliyati cheklangan jamiyati Fargʻona tumani Mingdonobod qishlogʻi yaqinidagi 500 gektardan ziyod qir va adirliklarni oʻzlashtirib tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etdi. Mazkur xoʻjalikda ham uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan ajratilgan subsidiyalar koʻmagida xarajatlar kamaytirilib yuqori hosil koʻtarishga erishilyapti.
–Xoʻjaligimizga ham 1,5 mlrd. soʻm subsidiya koʻrinishidagi kredit mablagʻlari ajratildi, –deydi jamiyat hosiloti Elyor Akbarov. – Ushbu mablagʻlar koʻmagida qarovimizdagi 160 gektar tokzorlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qildik. Natijada sugʻorish ishlariga ketayotgan mablagʻlar 30 foizga, oʻgʻitlashga sarflanayotgan xarajatlar 10 foizga, texnika sarfini 7 foizga kamaytirishga erishdik. Hozirgi kunda uzumzorlarimizda tomchilatib sugʻorish tashkil etilganidan soʻng hosildorlik 25 foizga oshdi hamda tuproqning shoʻrlanishi, erroziyaga uchrashi holatlari kamayib, fiziologik xususiyatlari yaxshilanib boryapti.
Ayni kunlarda ushbu masʼuliyati cheklangan jamiyatida sanoatbop uzum navlari qayta ishlanadi va eksportga yoʻnaltiriladi. Buning uchun ilgʻor texnologiyalar kelib oʻrnatilgan. Yaʼni uzumchilik sohasi mazkur jamiyat faoliyatida toʻliq zanjirga ega. Uzum koʻchatlari yetishtirishdan boshlab olingan hosilni qayta ishlash va tayyor mahsulot darajasiga olib chiqish tashkil qilingan. Muhimi eksport qilinayotgan mahsulot xorijda oʻz xaridoriga ega.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring