Fargʻonada qarzdor qoʻshimcha javobgarning yuk mashinasidagi mevalar aynib qolmasligi uchun 300 mln soʻm toʻladi
Qoʻshimcha javobgarning yuk mashinasidagi mevalar achib qolishidan xavotir olgan qarzdor 300 mln soʻm kredit qarzdorligini toʻlab berdi. Bu haqda MIB matbuot kotibi Farrux Toshpoʻlatov «Xalq soʻzi»ga maʼlum qildi.
Bildirilishicha, Fuqarolik ishlari boʻyicha Margʻilon tumanlararo sudining 2024-yil 22-fevraldagi ijro varaqasiga koʻra javobgar “V.N. F.T” MCHJdan “Q.Q.B” aksiyadorlik tijorat bank foydasiga qarzdorlik undirish belgilangan. Mazkur ijro ishi yuzasidan qoʻshimcha javobgar “C. B. S. S.” MCHJga tegishli boʻlgan “Mercedes benz actros” rusumli avtotransport vositasi xatlanish jarayonida qarzdor tomonidan 300 million soʻm kredit qarzdorligi toʻlab berilgan.
“Afsuski hayotimizda turli xil firibgarliklar qatorida kredit boʻyicha amalga oshiriladigani ham borgan sari koʻpayib bormoqda. Bu kabi kimsalar vaqti kelib qonun oldida javob berishlari muqarrar”, deydi MIB matbuot kotibi.
Uning qoʻshimcha qilishicha, firibgarlarning qarmogʻiga ilinmaslik uchun fuqarolar qoidalarga amal qilishi lozim:
Eng avvalo:
- oʻz hujjatlaringizni (pasport, uy va boshqa mol-mulk hujjatlarini) yaqin tanishlaringizga ham ishonib topshirmang;
- yagona moddiy mulkka hamkorlikda kredit olish mumkin emasligini unutmang, zero xarid faqatgina bir jismoniy shaxs hujjati asosida rasmiylashtiriladi;
- hamkorlikda kredit olish orqali moddiy daromad koʻrmoqchi boʻlsangiz, albatta oʻrtada tuzilgan shartnoma yozma ravishda boʻlishi va notarial tasdiqdan oʻtishi lozim.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring