Fargʻonada Osiyo kubogi gʻoliblari tantanali kutib olindi

10:51 23 Aprel 2025 Jamiyat
245 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Futbol boʻyicha U-17 yosh toifasidagi Osiyo kubogida mamlakatimiz terma jamoasi chempion boʻlgani hamyurtlarimizni behad quvontirdi. Bu yurtimizda “millionlar oʻyini” nechogʻli qadrlanishi, oʻz navbatida, oʻzbek futboli yangi bosqichga chiqayotganidan dalolat beradi.

Fargʻona shahridagi muhtasham “Samo” sport majmuasida Oʻzbekiston U-17 jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov hamda jamoa futbolchilari Asilbek Aliyev va Jamshidbek Rustamov ishtirokida oʻtkazilgan tantanali tadbirda yutuqlar alohida eʼtirof etildi.

Terma jamoa aʼzolarini qutlashga bagʻishlangan tadbirda Fargʻona viloyati hokimligi mutasaddilari, masʼul tashkilot va idoralar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar qatnashdi.

Aytish joiz, terma jamoamizning tarixiy gʻalabasiga fargʻonalik futbolchilar ham munosib hissa qoʻshishdi. Xususan, Buvayda tumanining Mangʻit qishlogʻida voyaga yetgan Asilbek Aliyev 5 ta gol urib, musobaqaning eng yaxshi toʻpurari boʻldi. Oltiariq tumanining olis Katput qishlogʻida tugʻilib oʻsgan Jamshidbek Rustamov oʻz hisobiga 3 ta gol yozdirib qoʻydi.

— Davlatimiz rahbari, xalqimizning yuksak eʼtibori va ragʻbatidan cheksiz minnatdormiz, — deydi Oʻzbekiston U-17 jamoasi aʼzosi, “Kelajak bunyodkori” medali sovrindori Asilbek Aliyev. — Ayni paytda asosiy maqsadimiz joriy yilning kuzida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida ham munosib ishtirok etish va oʻzbek futboli muxlislarini xursand qilishga qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер