Fargʻonada «Onalarga ehtirom» festivali boʻlib oʻtmoqda
Foto: Халқ сўзи
Xabaringiz bor, oʻtgan yili Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan ilk bor “Onalarga ehtirom” deb nomlangan festival boʻlib oʻtgan edi. Ezgu tashabbusga koʻra, ushbu festival yildan-yilga keng quloch yozishi, har yili viloyatning barcha shahar-tumanlarida anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi maqsad qilingandi.

Bu yil ikkinchi marotaba tashkil etilayotgan festival doirasida keng koʻlamli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Nur chehrali onaxonlar, ibratli oilalar bekalari, jamiyat ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgan farzandlar onalari, ziyoli, oqila opa-singillarimizga yuksak hurmat koʻrsatilmoqda.

Fargʻona shahri hokimligi tomonidan festival doirasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”da turgan bir guruh xotin-qizlarning Buxoroga sayohati uyushtirildi. Bagʻdod tumanida davlat va jamoat ishlarida koʻp yillar samarali mehnat qilib, hozirda keksalik gashtini surayotgan onaxonlar sovgʻa-salomlar bilan yoʻqlandi.

— Bu borada amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar, mehr-oqibat tadbirlari hayotimizga oʻzgacha shukuh, baxt olib kirdi, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Kamila Kavlanova. — Shu oyning yakuniga qadar davom etadigan festival davomida viloyatdagi har bir oilaga, opa-singillarimizga quvonch ulashish koʻzda tutilgan.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring