Fargʻonada noqonuniy olib kirilgan aloqa vositalari savdosiga chek qoʻyildi
Foto: Xalq so‘zi
Bojxona organlari tomonidan tovar-moddiy boyliklarini noqonuniy ravishda bojxona chegaralari orqali mamlakatimizga olib oʻtishga boʻlgan urinishlarga oʻz vaqtida barham berilmoqda.
Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shavkatjon Sotvoldiyevning “Xalq soʻzi” muxbiriga xabar berishicha, boshqarma xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda T. Sh. boshqaruvidagi «Mersedes Bens» rusumli avtotransport vositasi Fargʻona tumani hududida toʻxtatildi. Shundan soʻng tadbir ishtirokchilari tomonidan belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Natijada avtotransport vositasining orqa oʻrindigʻi ortida maxsus yasalgan xufiya qismga yashirilgan, noqonuniy olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan, umumiy qiymati 515,6 million soʻmlik uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, Fargʻona tumani “Logʻon-Fargʻona” yoʻnalishida harakatlanayotgan A. A. boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtotransport vositasi kuzatuvga olinib, Fargʻona shahri hududida toʻxtatildi va belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi. Avtomashina salonida E.A. ga tegishli boʻlgan, chetdan noqonuniy olib kirilayotgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtmagan 144,2 million soʻmlik 7 turdagi uyali aloqa vositalari borligi fosh etildi.
Shu tariqa umumiy qiymati qariyb 660 million soʻmlik 8 turdagi 240 dona uyali aloqa vositalarining noqonuniy olib kirilishiga chek qoʻyildi.
Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib,tergov harakatlari olib borilmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring