Fargʻonada mahalla raisi tamagirlik qildi

17:23 12 Avgust 2019 Jamiyat
2814 0

Illyustrativ foto

Xalq ishonchini oqlash mahalla fuqarolar yigʻini raisiga katta masʼuliyat yuklaydi. Shuning uchun ham bu vazifadagi inson katta hayotiy tajriba ega boʻlib, hudud va aholining dardi bilan yashashi kerak. Albatta bunday fidoiy insonlar koʻplab topiladi. Guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, mahalla raislari orasida ham ishonchga putur yetkazib, nafs balosiga yoʻliqqanlar uchrab turibdi.

Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanidagi “Yangi yer” mahalla fuqarolar yigʻini raisi lavozimida ishlagan Sahobiddin Hakimov ham tamagirlikka qoʻl urdi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Rais huzuriga kelgan Suyunchol qishlogʻida yashovchi M.Rahimberdiyeva yashayotgan uy-joyining kadastr hujjatlari toʻplami uchun zarur boʻlgan Rahimberdiyevlar oilasining oʻz mablagʻlari hisobidan uy-joylar qurib bitkazilgani, haqiqatdan ham shu yerda yashashi, oila tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni tayyorlab berishini soʻraydi.

Ammo mahalla raisi beyuzlik bilan ushbu ishlarni tez bitkazish uchun 300 ming soʻm berishi lozimligini bildirdi. Bunday muomalani kutmagan M.Rahimberdiyeva hozir buncha puli yoʻqligini aytganida, sal keyinroq bersangiz ham boʻlaveradi, deb, kadastr hujjatlari toʻplami uchun zarur maʼlumotnomalarni tayyorlashga kirishdi. Shundan soʻng mahalla raisi S.Hakimov M.Rahimberdiyeva va uning turmush oʻrtogʻi M.Toʻrayevni qayerda koʻrsa oʻsha vaʼda qilingan 300 ming soʻmni berishini talab qilaverdi. Vaholanki, ushbu oila oʻrtahol oilalardan biri ekanini, M.Rahimberdiyevaning kasal ekanini ham eʼtiborga olib oʻtirmadi.

Mahalla raisining noqonuniy harakati boʻyicha M.Rahimberdiyeva huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qildi. Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida mahalla fuqarolar yigʻini raisi S. Hakimov oʻz xizmat xonasida M. Rahimberdiyevadan 300 ming soʻmni pulni olayotganda ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Uchkoʻprik tuman sudi hukmi bilan S.Hakimov 2 yil muddatga muayyan huquqdan, yaʼni mansabdorlik va moddiy javobgarlik belgilangan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, unga eng kam oylik ish haqining 30 baravari miqdorida – 6 million 81 ming 900 soʻm jarima jazosi tayinlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер