Fargʻonada kuniga oʻrtacha 150 tonna xurmo eksport qilinmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Meva va sabzavotlar yetishtirish hamda eksport qilishda Fargʻona mamlakatimizda yetakchi viloyatlar sirasiga kiradi. Bugungi kunda viloyatda uzum, behi, olma va xurmo eksporti jadal davom etmoqda.
Fargʻona viloyatining barcha hududlarida xurmo yetishtirish borasida oʻziga xos tajriba shakllangan. Ayniqsa, Uchkoʻprik, Oʻzbekiston, Fargʻona va Toshloq tumani hamda Quvasoy shahrida xurmodan har yili moʻl hosil olinadi.
2023-yili viloyatda 4 mln. 500 ming dollarlik 6458 tonna xurmo Polsha, Rossiya, Ukraina, Belarus, Qirgʻiziston va Qozogʻiston kabi davlatlarga eksport qilingan edi. Bu yilgi maqsad yanada ulkan.

Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasidan maʼlum qilinishicha, joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda umumiy qiymati 8,5 mln. dollarga teng 13 ming 126 tonna xurmo eksportga joʻnatilgan. “Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining Oltiariq tumanidagi “Eksportga koʻmaklashish markazi”da kuniga oʻrtacha 700 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportga rasmiylashtirilayotgan boʻlsa, shundan oʻrtacha 150 tonna qismini xurmo tashkil etmoqda.
Ayni jarayonda Bojxona qoʻmitasi tomonidan amaliyotga joriy etilgan “eksport uch qadam” dasturi orqali “daladan eksportga” tamoyili asosida bunday mahsulotlar toʻgʻridan-toʻgʻri chegara bojxona postlarida rasmiylashtirilayotgani tadbirkorlar uchun juda qulay boʻlmoqda. Hozirga qadar viloyatda 2700 tonnadan ziyod xurmo chegara bojxona postida soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishi taʼminlandi.
Bu tadbirkorlar vaqtini tejash, mahsulotni oʻz vaqtida hamda sifati buzilmagan holda koʻzlangan manzilga yetib borishida muhim ahamiyatga ega.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring