Fargʻonada koʻp yillik chinorni “chala soʻyib” qochganlar qamoqqa olindi

02:21 16 Fevral 2025 Jamiyat
419 0

Foto: Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi

Avvalroq Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida sogʻlom chinor daraxti hech qanday asossiz kesilgani, bu ishni qilgan shaxslar qochib ketgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat Ekologiya boshqarmasining holat yuzasidan bergan rasmiy munosabatida hodisa oqibatida oʻsimlik dunyosiga 117 mln soʻm zarar yetkazilgani qayd etilgandi.

Boshqarma axborot xizmati kecha, 15-fevral kuni mazkur “daraxtkushlik” boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berdi.

Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, 13-fevral kuni Qoʻqon shahrining “Zilol” mahallasida oʻsib turgan koʻp yillik chinor daraxtini Uchkoʻprik tumani, “Farovon” mahallasi, Kaltasoy qishlogʻida yashovchi ikki nafar fuqaro qasddan shikastlagani aniqlangan.

Qayd etilishicha, ushbu fuqarolarning harakatlarida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan huquqbuzarlik sodir etilgani aniqlangan va har biriga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (yashil zonalarda daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish yoki shikastlash) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер