Fargʻonada ham doʻstlik va ezgulik nihollari ekildi
Foto: Xalq so‘zi
Xabaringiz bor, bugun Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar — Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda kuzatuvchi maqomiga ega boʻlgan Vengriya va Turkmaniston poytaxtlarida, shuningdek, yurtimizning barcha hududlarida bir vaqtning oʻzida koʻchat ekish tadbirlari oʻtkazildi.

Bunday ezgu tashabbusdan fargʻonaliklar ham chetda turmadi. Fargʻona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududidagi 70 gektarlik “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida manzarali daraxt koʻchatlari ekish tadbirida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, nuroniylar, talaba-yoshlar, faol jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

— Ota-bobolarimizning “Yaxshidan bogʻ qoladi” degan purmaʼno oʻgiti zamirida ulkan hikmat bor, — deydi Fargʻona viloyati hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Xolmatjon Komilov. — Ishonamizki, ushbu muhtasham bogʻdagi doʻstlik va ezgulik nihollari koʻkka boʻy choʻzadi. Ekoshaharda insonlar baxtli hayot kechirishi uchun koʻz quvonadigan tabiat manzarasi yaratiladi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring