Fargʻonada faxriylarga ehtirom koʻrsatildi

19:30 11 Avgust 2023 Jamiyat
1187 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida turli sohalarda uzoq yillar samarali mehnat qilgan bir guruh mehnat faxriylariga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni tantanali topshirildi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari Ulugʻbek Muhammadiyev, respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi Abdumajid Umarov ishtirok etib, yuksak eʼtirofga sazovor nuroniy otaxon-onaxonlarni samimiy qutlashdi.

Taʼkidlash joiz, davlatimiz rahbarining 2017-yil 14-iyuldagi qaroriga koʻra, “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni taʼsis etilib, har yili yurt ravnaq-rivojiga munosib hissa qoʻshgan nuroniylar I, II va III darajali koʻkrak nishonlari bilan mukofotlanmoqda.

Tadbirda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan 75 nafar faxriyga I va II darajali koʻkrak nishonlari taqdim etildi.

— Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida nuroniylarga gʻamxoʻrlik koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi mehnat faxriysi, I-darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishon sohibi Abdujalil Bobojonov. — Bunday mehrdan biz keksalar behad mamnunmiz. Hayotiy tajribalarimiz asosida yosh avlodni xalqimizning ezgu fazilatlariga xos milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga astoydil harakat qilamiz.

Tantanali tadbir davomida viloyatning taniqli sanʼatkorlari, badiiy jamoalari tomonidan mumtoz kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Qadrdon ohanglar barchani davraga chorladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер