Fargʻonada davlat xizmatchilari tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda
Foto: "Xalq soʻzi"
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Fargʻona viloyati filiali tashabbusi bilan “Sogʻlom davlat xizmatchisi” shiori ostida davlat fuqarolik xizmatchilarini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish oyligi davom etmoqda.
Filial rahbari oʻrinbosari Ahadjon Akbarovning qayd etishicha, tibbiy koʻrik jarayonida viloyatdagi barcha davlat tashkilotlari xodimlari qamrab olinadi. Zero, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning 53-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisini ijtimoiy jihatdan himoya qilish maqsadida sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilishi alohida kafolatlab qoʻyilgan.
Aytish joiz, Fargʻona viloyatida davlat fuqarolik xizmati tizimiga 70 ga yaqin boshqarma va tashkilotda hamda mahalliy davlat hokimliklar apparatida mehnat qilayotgan 48 ming nafar xodim kiradi. Ularning 2 ming nafari rahbar, 46 ming nafari mutaxassis hisoblanadi.
Shu kunlarda Fargʻona viloyati hokimligi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatdagi barcha boshqarma va tashkilotlar hamda tuman va shahar hokimliklarida faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tadbirlari tashkil etilmoqda.
Oylik doirasida Oʻzbekiston tumani hokimligi xodimlari ham tumandagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Aniqlangan kasalliklarni davolash, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyish boʻyicha shifokorlar tomonidan amaliy tavsiyalar berildi.
— Bugun tibbiy koʻrikdan oʻtib, sogʻligim borasida xotirjam boʻldim, — deydi Oʻzbekiston tumani hokimligi mutaxassisi Faxriddin Akbarov. — Shuningdek, ruhiy zoʻriqish, surunkali charchash holatlaridan saqlanish, toʻgʻri ovqatlanish, ish va dam olish meʼyoriga rioya etish yuzasidan tibbiy maslahatlar oldim. Madaniy hordiq, piyoda sayr qilish sogʻlom turmush tarzini shakllantirishda gʻoyatda muhim ekanligini tushunib yetdim.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring