Fargʻonada chegara hududi orqali sifatsiz tamaki mahsulotlarini olib oʻtgan shaxslar qoʻlga olindi
Fargʻona viloyatida chegara hududidan aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini olib oʻtgan shaxslar ushlandi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Soʻx tumani boʻlimi xodimlari, DXX va DXX chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda fuqarolar S.M. va O.Gʻ. oʻzaro til biriktirib, xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan, kelib chiqishi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan 2 610 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini Qirgʻiz Respublikasidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga “Gulshan” MFY hududidagi chegara sim toʻsigʻini buzib, olib oʻtganliklari aniqlanib, ushbu tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) va 223-moddasi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga kirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring