Fargʻonada bittagina: furqatlik Olima opa noyob kasbi bilan tanilgan

10:39 24 Mart 2026 Jamiyat
257 0

Oʻzbekning xonadonida toʻy boʻlsa, tandir, oʻchoqboshi suyunadi, deydi nuroniy momolar. Boisi toʻyga tayyorgarlik jarayonida barcha joy saranjom-sarishta qilinadi. Mehmonlar uchun tandirda issiq non yopiladi, oʻchoqda suyukli taomlar pishiriladi.

Shundan boʻlsa kerakki, yurtimizning barcha goʻshalarida tandir shunchaki non yopiladigan jihoz emas, oiladagi fayz, baraka va mehr-oqibat ramzi sifatida ham eʼzozlanadi. Shu sababli ushbu hunarni avloddan-avlodga yetkazib kelayotgan sulolalar mehnati alohida eʼtiborga molik.

Furqat tumanida istiqomat qiluvchi Olimaxon Gʻoziyeva ana shunday noyob kasbi bilan mashhur hunarmandlardan biri sanaladi. U mazkur hunarni bolaligida otasidan oʻrgangan. Bundan 42-yil muqaddam esa tandirchilar oilasiga kelin boʻlib tushdi. Hozirgi kunda mazkur oila nafaqat oʻzi yashaydigan “Koʻkdoʻppi” MFY, Qoʻqon hududi tumanlarida ham kamyob hunar vorisi sifatida tanilgan.

— Oʻz vaqtida otamning tandirlari juda mashhur edi, — deya xotirlaydi tandirchi opa. — Oilaviy anʼana tufayli bolalikdan otamning yonida yurib shu hunarni oʻrgandim. Tandir xom ashyosi sifatida hayvon junini chopib maydalash, loy tayyorlash va uni yaxshilab ezib pishirish – bularning barchasi juda qiziqarli yumush.

Umuman olganda, tandir yasashda har bir jarayon katta sabr va mahorat talab qiladi. Buning uchun maʼlum vaqt ichida loy bir necha marotaba tepilib, zuvala qilinadi. Keyin qum sepiladi va shu tarzda tabiiy xom ashyolardan tayyorlanadigan mahsulot maromiga yetkaziladi. Demak, har bir jarayon mehr bilan bajarilishi tufayli tandir koʻrkam va sifatli boʻlishiga erishiladi.

Olimaxon opaning tandirlari qalinroq boʻladi. Buning oʻziga xos sababi bor, albatta. Bu usul u oʻrnatilganidan soʻng olovni tandir oqarguniga qadar yoqish orqali yorilmasligini taʼminlaydi. Natijada bitta tandirni 10-15-yilgacha ishlatish mumkin.

Ayni paytda Olima opa turmush oʻrtogʻi bilan birga ota kasbni davom ettirib, oilalarga qut-baraka, xursandchilik baxsh etayotganidan behad mamnun. Farzand va nabiralarning ham bu hunarga mehri tushgan. Sulolaning yangi avlod vakillari oʻqish va asosiy ishdan boʻsh paytlarida kattalarga koʻmakdosh. Shu bois tandirchilik bilan oilaning barcha aʼzolari birdek shugʻullanadi.

— Halol mehnat qilgan odam aslo kam boʻlmaydi, — deydi baxtli oila bekasi. — Bitta tandir oʻrtacha 150-200 ming soʻm atrofida sotiladi. Bozori chaqqon paytlari oyiga 30 tagacha tandir sotish mumkin. Tayyor tandir xaridorga yetib borguncha ogʻzini bogʻlab, ehtiyot qilib saqlaymiz.

“Koʻkdoʻppi” MFY xotin-qizlar faoli Vasila Sultonovaning aytishicha, bugungi kunda 1038 ta oilada 3665 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla tuman markaziga yaqin hududda joylashgani sababli savdo va xizmat koʻrsatish sohasi yaxshi rivojlangan. Shu bilan birga har bir oilaning qoʻshimcha hunari va daromad manbai bor.

Bu yil mahallada tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun 50 ta mikroloyihani ishga tushirish maqsad qilingan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер