Fargʻonada bayram shukuhi
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Fargʻona shahridagi soʻlim Xotira xiyobonida tashkil etilgan bayram tadbirida urush va mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiylar, faol yoshlar jamul-jam boʻlishdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tadbirning eng aziz mehmonlari bilan birma-bir koʻrishib, ezgu tilaklarini bildirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida harbiylar, Milliy gvardiya, ichki ishlar idoralarining jangovar qoʻshinlari maydon boʻylab tantanali saf tortib oʻtdi. Urush yillari harbiy mashinalari, qurol-aslahalari, Qurolli Kuchlarimizning bugungi qudratini koʻrsatuvchi zamonaviy texnikalar namoyishi bayram ishtirokchilari qalbini gʻurur-iftixorga toʻldirdi.
Harbiy orkestr sadolari ostida viloyat hokimligi, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari “Motamsaro ona” haykali poyiga anvoyi guldastalar qoʻydilar. Ikkinchi jahon urushidan qaytmagan jangchilarning tabarruk nomlari yozilgan Xotira kitoblari varaqlandi.
“Vatanparvarlar bogʻi”dagi urush yillarini aks ettiruvchi teatrlashtirilgan tomoshalar, jismoniy va maʼnaviy barkamollikni namoyon etuvchi mashqlar, harbiylar bilan yuzma-yuz muloqotlar, harbiylar hayoti bilan yaqindan tanishuv tadbir qatnashchilarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
***
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 76 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi.
Videoselektor tarzida boʻlib oʻtgan tadbirda Fargʻona tumani markazi - Vodildagi viloyat hokimligi qabullar uyida fargʻonalik bir guruh urush faxriylari, viloyat faollari ham ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushda mardlik va jasorat koʻrsatgan, bugungi tinch-osoyishta, dorilamon kunlarda duogoʻy boʻlib, elimiz ardogʻida umrguzaronlik qilayotgan nuroniylarimizni tabriklab, ezgu niyatlarini izhor etdi.
Tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov soʻzga chiqdi.
— Fargʻonada ham urush, frontorti mehnat faxriylariga yuksak ehtirom koʻrsatildi, — dedi viloyat rahbari. – Tabarruk xonadonlarda ikkinchi jahon urushi faxriylariga Sizning tabrigingizni oʻqib eshittirib, Prezident sovgʻalari topshirildi. Urush faxriylari koʻzda yosh bilan minnatdorchilik bildirib, tinch-farovon hayot uchun duoga qoʻl ochdilar.
Shu kuni bayram tadbiri viloyat hokimligi qabullar uyida toʻkin dasturxon atrofida, bir piyola choy ustida davom etdi. Fayzli davrada birda qaygʻuli, birda maroqli xotiralar esga olindi, qalblar shirin diydordan yayradi.
Sanʼatkorlarimiz tomonidan tashkil etilgan bayram dasturi barcha xushkayfiyat bagʻishladi.
Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring