Fargʻonada “Bagʻrikenglik haftaligi” doirasida maʼnaviy tadbirlar oʻtkazildi

13:49 17 Noyabr 2025 Jamiyat
519 0

Oʻtgan hafta Fargʻona viloyatida 16-noyabr — Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan “Bagʻrikenglik haftaligi” boʻlib oʻtdi. Haftalik doirasida viloyat boʻylab turli maʼnaviy, maʼrifiy, ilmiy va amaliy tadbirlar tashkil etildi.

Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Biz – bir Vatanda yashayotgan yagona oilamiz” shiori ostida boʻlib oʻtgan davra suhbati alohida maroq bilan kuzatildi. Unda Fargʻona viloyati hokimligi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy boʻlinmasi, adliya boshqarmasi xodimlari, viloyatdagi milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari, diniy tashkilotlar vakillari, jamoatchilik vakillari hamda talaba yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbirda soʻz olganlar davlat rahbari boshchiligida olib borilayotgan millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik sohasidagi islohotlar, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari hamda yaratilayotgan imkoniyatlar yurtimizda tinchlik va farovonlikni taʼminlashda muhim omil ekanligini taʼkidladilar. Shuningdek, turli millat va din vakillari ahil-inoq hayot kechirishi mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy farovonlikka xizmat qilayotgani eʼtirof qilindi.

— Har yili katta tantana sifatida nishonlanadigan 16-noyabr – “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” yurtimizda eng shukuhli sanalar sirasiga kiradi, — deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Fargʻona viloyati hududiy boʻlinmasi bosh mutaxassisi Ahmadjon Oripov. — Bu yilgi tadbirlar doirasida ham “Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik”, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunlarda diniy bagʻrikenglik tamoyillari, “Millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik – tinchlik va osoyishtalik garovi”, “Islomda diniy bagʻrikenglik asoslari”, “Millatlararo totuvlik va hamjihatlik – eng katta boyligimiz” mavzularida yuzma-yuz muloqotlar uyushtirildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер