Fargʻonada adabiyot va sanʼat bayrami davom etmoqda

12:58 01 Iyun 2022 Jamiyat
1210 0

Foto: «Халқ сўзи»

Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida «Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ulugʻlangan yurt» shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.

Shu maqsadda viloyatning barcha shahar-tumanlarida poytaxtdan kelgan uch yuzdan ziyod madaniyat, sanʼat namoyandalari, shoir va yozuvchilar, maʼnaviyat targʻibotchilari ishtirokida yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilyapti.

6-iyun kuniga qadar davom etadigan keng koʻlamli tadbirlar doirasida har bir mahallada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Kitob karvoni” tashkil etilib, besh mingdan ziyod kitoblar tuhfa qilish moʻljallangan. «Kinokarvon» loyihasi doirasida mahallalarda oʻzbek kino sanʼatining 100 ta eng sara namunasi va soʻnggi yillarda ishlab chiqarilgan filmlar namoyish etilib, kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkaziladi.

Yozyovon tumanidagi maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvga kutilmagan mehmon sifatida kinorejissyor Ibrohim Rasulov, aktyor Egamberdi Rahimov tashrif buyurdi. Tumanning “Markaziy Fargʻona”mahallasida istiqomat qiluvchi 105 yoshli Zuhrabibi Akbarova xonadonidagi uchrashuv ham gʻoyatda maroqli oʻtdi.

Viloyatning olis Furqat tumanida ham ijodiy bayram shukuhi deyarli har bir mahallani qamrab oldi. Estrada vakillari, bir qator kino va teatr aktyorlari, taniqli olimlardan iborat maʼnaviyat targʻibotchilari tashrifi furqatliklar qalbiga bir olam quvonch ulashdi.

— Bir paytning oʻzida tumanning bir necha mahallalarida bayram dasturlari tashkil etilib, poytaxtdan tashrif buyurgan ardoqli sanʼatkorlarimiz ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar barchani shodon davraga chorladi, — deydi Furqat tumani hokimi oʻrinbosari Zarifa Alixoʻjayeva. — Oʻz navbatida maʼnaviy-maʼrifiy suhbatlarda mamlakatimizda keyingi yillarda erishilayotgan yutuqlar mazmun-mohiyati boʻyicha oʻzaro fikr almashilmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер