Fargʻona viloyatida Ramazon oyi munosabati bilan saxovat tadbirlari davom etmoqda

11:45 04 Mart 2026 Jamiyat
310 0

Ramazon oyi xalqimizga xos mehr-muruvvat, saxovat va birdamlik fazilatlari yanada yorqin namoyon boʻladigan qutlugʻ oy sifatida alohida qadrlanadi. Bu oyda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar hamyurtlarimiz oʻrtasida mehr-oqibat tuygʻularini mustahkamlab, ehtiyojmand oilalar qalbiga iliqlik va umid bagʻishlaydi.

Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Fargʻona viloyatining barcha shahar va tumanlarida saxovat va xayriya tadbirlari keng koʻlamda oʻtkazilmoqda. Ushbu tadbirlar davomida ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari va moliyaviy yordam koʻrsatilib, Ramazon oyining ezgu mazmun-mohiyati yanada namoyon boʻlmoqda.

Qoʻqon shahrining Vaqf Chorsu mahallasida istiqomat qiluvchi Mahbubaxon Nasrullayeva xonadoniga masʼullarning tashrifi oila aʼzolariga katta quvonch bagʻishladi. Shu kuni mazkur xonadonda tashkil etilgan iftorlik marosimida Qoʻqon shahar hokimligi, diniy idora vakillari, mahalla oqsoqollari va nuroniylar ishtirok etdi. Samimiy suhbat davomida Mahbubaxon ona va uning imkoniyati cheklangan farzandiga sovgʻalar topshirildi.

Bagʻdod tumanida kam taʼminlangan oilalar uchun tashkil etilgan iftorlik dasturxoni ham ehtiyojmandlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish va jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbirga tumanning 56 ta mahallasidan ana shunday oilalar vakillari taklif etildi.

Soʻx tumani “Qizilqiyoq” mahallasida istiqomat qiluvchi 95 yoshli Zuhraxon aya Ahmadjonovaning xonadonda ham xayriya tadbiri oʻtkazildi. Hayot sinovlarini boshidan kechirgan momoning kelini ogʻir xastalikka chalingan boʻlib, uni davolash uchun jarrohlik amaliyoti zarur. Shu munosabat bilan xonadonga tashrif buyurgan masʼullar oilaga moliyaviy koʻmak koʻrsatilishini maʼlum qildi. Bu xabardan mamnun boʻlgan Zuhraxon aya oila muammosiga befarq boʻlmagan barcha insonlarga minnatdorlik bildirib, duo qildi.

Ayni kunlarda Yozyovon tumani hokimligi tashabbusi bilan mahallalarda, ayniqsa olis hududlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda.

— Tuman markazidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan mahallamizda qariyb 3 ming aholi istiqomat qiladi, — deydi Yozyovon tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Odinaxon Alfayziyeva. — Mahallamizda arzonlashtirilgan koʻchma sayyor bozor tashkil etilgani aholi uchun katta qulaylik boʻldi.

Darhaqiqat, Ramazon oyining fayz-u barakasini yanada oshirishda bunday saxovat va mehr-oqibat tadbirlari alohida ahamiyat kasb etadi. Muborak oyda har bir inson va oilaga gʻamxoʻrlik koʻrsatishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar yurtimizda inson qadrini ulugʻlashga xizmat qilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер