Fargʻona viloyati hamda Rossiya oʻrtasidagi hududlararo hamkorlik - yangi bosqichda
Foto: Халқ сўзи
Shu kunlarda hududlararo hamkorlik aloqalarini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Iqboljon Ergashev boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasida boʻlib turibdi.
Fargʻona viloyati hokimligi axborot xizmatidan “Xalq soʻzi” muxbiriga maʼlum qilishicha, delegatsiya tashrifning dastlabki ikki kuni davomida Kurgan viloyatidagi qator ishlab chiqarish korxonalari hamda fermer xoʻjaligida boʻldi.
2001-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Kurgan integratsiyalashgan texnologiyalar zavodida gaz porshenli va dizel dvigatellari, gaz kuchaytirgich va kompressor stansiyalari, elektr bloklari, qattiq maishiy chiqindilarni modulli konstruksiyada qayta ishlash va utilizatsiya qilishga moʻljallangan uskunalar ishlab chiqariladi.
Kurgan integratsiyalashgan texnologiyalar zavodidan soʻng delegatsiya aʼzolari Vargashinskiy yongʻinga qarshi va maxsus texnika zavodiga tashrif buyurib, ishlab chiqarishdan tortib buyurtmachiga yetib borgunga qadar jarayonlar haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldilar.
Hamidullo Hayitov asli Oʻzbekistondan. Kurgandagi oʻzbekistonliklar diasporasi rahbari hamda “Les Servis” korxonasi asoschisi. 2013-yildan boshlab korxona Oʻzbekistonga yiliga 3 ming kub metr yogʻoch-taxta yetkazib beradi. Bu yerda yurtimizning turli viloyatlaridan borgan 50 nafardan ziyod hamyurtlarimiz doimiy ish bilan taʼminlagan.
Shuningdek, tashrif davomida viloyat delegatsiyasi Ketovskiy tumanida joylashgan chorvachilik fermer xoʻjaligi, sosna koʻchatlari yetishtirilayotgan issiqxona faoliyati bilan ham tanishdi.
Fargʻona viloyati delegatsiyasining Rossiyaga tashrifi davom etmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring