Fargʻona viloyati delegatsiyasi Xitoyda 2,6 milliard dollarlik investitsiyaviy kelishuvga erishdi
Joriy yilning 19-27-yanvar kunlari Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat korxona va tashkilot rahbarlari hamda tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib, bir qator manfaatli kelishuvlarga erishdi.
Uchrashuvlar doirasida Xubey provinsiyasi markazi – Uxan shahrida Fargʻona-Uxan savdo-iqtisodiy forumi ham tashkil etildi. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi va Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish qoʻmitasi Uxan filiali koʻmagida oʻtkazilgan forumda ikki hudud rasmiylari hamda tadbirkorlik subyektlari rahbarlari qatnashdi.
Forumning ochilish marosimida Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Nuriddin Mamajonov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning doimiy muloqotlari samarasi sifatida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari tobora rivojlanib borayotganini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, yigʻilganlarga viloyat iqtisodiyoti, investitsiyaviy va eksport salohiyati haqida toʻliq maʼlumot berildi.

Yuzma-yuz muloqot davomida Savdo-sanoat palatasi Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi hamda Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish qoʻmitasi Uxan filiali oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Fargʻona viloyati va Uxan tadbirkorlari ishtirokida boʻlib oʻtgan B2B va G2B formatidagi uchrashuvlarda ikki tomonlama manfaatli kelishuvlariga erishildi.
— Tashrif mobaynida Xubey, Guandun, Xunan, Shensi provinsiyalari, Shinjon-Uygʻur avtonom rayonida yirik kompaniyalar rahbarlari hamda investorlar bilan muzokaralar oʻtkazildi, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishildi, — deydi Savdo-sanoat palatasi Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Azimjon Yuldashev. — Natijada qurilish, mashinasozlik, elektrotexnika, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turistik obyektlar va mehmonxonalar barpo etish, chiqindini qayta ishlash kabi yoʻnalishlarda umumiy qiymati 2,6 mlrd. dollar boʻlgan 33 ta investitsiyaviy kelishuv imzolandi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring