Fargʻona nufuzli tadbirga mezbonlik qilmoqda

17:03 25 Aprel 2022 Jamiyat
705 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona shahrida Oʻzbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar milliy koordinatorlari kengashi (SHHT MKK)ning navbatdagi yigʻilishi oʻz ishini boshladi.

Tadbirning ochilish marosimida Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov ishtirok etib, mehmonlarni yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, Fargʻona viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi, sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi sohalardagi salohiyati, yutuqlari haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Dastlabki ish kuni rejasiga koʻra, SHHTga aʼzo davlatlar milliy koordinatorlari tashkilotning Davlat rahbarlari kengashi va boshqa Nizom organlarining boʻlajak majlislariga tayyorgarlik koʻrish masalalari boʻyicha oʻzaro fikr almashdilar.

— Yuzma-yuz muloqot uchun Fargʻona viloyati tanlangani bejiz emas, — dedi Oʻzbekiston Respublikasining SHHT ishlari boʻyicha milliy koordinatori Rahmatillo Nurimbetov. — Markaziy Osiyo gavhari sifatida eʼzozlanadigan Fargʻona viloyati tarixiy-madaniy yodgorliklari, ezgu qadriyat va anʼanalari orqali Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan qardosh mamlakatlar hayotida muhim ahamiyatga ega.

Bu galgi uchrashuvlar jarayonida SHHTning Samarqanddagi sammitida qabul qilinishi kutilayotgan hujjatlar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. Unda diplomatiya, savdo-iqtisodiy, transport-logistika masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, anjuman ishtirokchilari uchun viloyatning tarixiy-madaniy yodgorliklari boʻylab maroqli sayohat, ekoturizm, agroturizm, gastronomik turizm yoʻnalishlarida uchrashuvlar tashkil etish koʻzda tutilgan.

Eslatib oʻtamiz, SHHT Milliy koordinatorlari kengashining Fargʻonadagi yigʻilishi 28-aprel kuniga qadar davom etadi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер