“Fargʻona” xalqaro aeroportida yoʻlovchilarga imkoniyat kengaytirildi
Fargʻona viloyatiga oʻtgan yili 3 million mahalliy va xorijlik sayyoh tashrif buyurgan edi. Bu yil ushbu koʻrsatkichni 3,5 million nafarga yetkazish va uning 550 mingdan ziyodini xorijlik sayyohlar tashkil etishi maqsad qilingan.
Ayni jarayonda turizm marshrutlarini koʻpaytirish, mavjud infratuzilmani yaxshilash doimiy eʼtiborda. Xususan, shu kunlarda viloyatning havo darvozasi boʻlgan “Fargʻona” xalqaro aeroportining uchib ketish zali foydalanishga topshirildi. Ezgu maqsad ijobati uchun 10 milliard 240 million soʻmga yaqin mablagʻ sarflandi.
— Hozirgi kunda haftasiga 48 ta aviareys amalga oshiriladi, uning 34 tasi xalqaro aviaqatnovlardir, — deydi “Fargʻona” xalqaro aeroporti tashuvlarni tashkillashtirish boʻlimi boshligʻi Erkinjon Obidov. — Yangi uchib ketish zali ishga tushirilishi hisobiga soatiga 250 ta yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi. Shu tariqa avval bir soatda 400 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, endilikda 600-650 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish mumkin.

Yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida birinchi qavatda jahon andozalariga mos ona va bola xonasi, nogironligi bor shaxslar uchun qoʻshimcha xizmatlar tashkil etildi. Ikkinchi qavatda esa zamonaviy xizmatlar va servis tarmoqlari faoliyat koʻrsatadi.
Aytish joiz, joriy yilda sayyohlar oqimni yanada oshirish uchun “Fargʻona” xalqaro aeroportidan turizm yaxshi rivojlangan xorijiy davlatlarga bir necha yangi aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Botir MADIYOROV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring