Fargʻona davlat texnika universitetida markazlashgan oʻquv va ilmiy-innovatsiya laboratoriyasi ish boshladi
Ayni paytda Fargʻona davlat texnika universitetida nazariy va amaliy bilimlar uygʻunligini taʼminlash eng muhim vazifalar sirasiga kiritilgan.
Bu boradagi saʼy-harakatlar doirasida professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar va talabalarning ilmiy-innovatsiya yoʻnalishidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida jahon andozalari darajasida zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Universitetda ish boshlagan markazlashgan oʻquv va ilmiy-innovatsiya laboratoriyasi ushbu yoʻnalishdagi izlanishlarning amaldagi yana bir samarasidir.
— Yangi markazda, eng avvalo, talabalarning amaliy bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlash maqsad qilingan, — deydi universitet professori Odiljon Ibragimov. — Bu yerda istiqbolli startap loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun viloyatdagi sanoat, ishlab chiqarish korxonalari hamda tadbirkorlik subyektlari bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Yangi avlodning innovatsiya gʻoyalarini amaliyotga – daromadli tadbirkorlikka aylantirishga koʻmaklashiladi.

Oʻz navbatida professor-oʻqituvchilar va talabalar birgalikda ilmiy izlanishlar olib borishi hamda mazkur yoʻnalishda amaliy tajribalar oʻtkazishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Shu maqsadda markazda jahon tajribasi asosida “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt singari bir necha ilgʻor yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy-amaliy faoliyat oʻzaro muvofiqlashtirib boriladi.
Markaz toʻliq zamonaviy texnologiyalar va jihozlar bilan taʼminlandi. Ezgu tashabbusga koʻra, laboratoriya faoliyati bosqichma-bosqich kengaytirib borilishi rejalashtirilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring