FAO Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashadi
Oʻzbekistonda sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish ilk bor tashkil etilmoqda. Tadbir 1-31-avgust kunlari Toshkent viloyatining Parkent va Samarqand viloyatining Jomboy tumanlarida tashkil etildi. Bu boradagi vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi hisoblanadi. Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi sohasida statistik maʼlumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2024-yilda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasida asosiy roʻyxatdan oʻtkazish tashkil etiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi statistika boʻyicha mutaxassisi Georgiy Kvinikadze sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishda ishtirok etish uchun 23-25-avgust kunlari Oʻzbekistonda boʻlib turibdi. Mutaxassisning vazifasi - boʻlajak asosiy tadbirning xalqaro standartlarga javob berishini taʼminlash. Shu maqsadda Georgiy Kvinikadze Toshkent va Samarqand viloyatlarida sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha tashkiliy ishlarning borishi bilan atroflicha tanishib, ishlab chiqilgan uslubni takomillashtirish yuzasidan oʻz tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, FAO sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etish uchun texnik yordam koʻrsatdi, yaʼni bannerlar, plakatlar, broshyuralar, bukletlar va flayerlar kabi axborot-kommunikatsiya materiallarini taqdim etdi. Ushbu yordam FAOning “Sinov tariqasida qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish uchun qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida taqdim etilmoqda. Mazkur loyihaning maqsadi Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi statistikasi tizimini takomillashtirish va Davlat statistika qoʻmitasi xodimlarini qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha usullar va dala ishlarini olib borishga oʻrgatishdan iborat.
Qishloq xoʻjaligi sohasida roʻyxatdan oʻtkazish qishloq xoʻjaligi boʻyicha asosiy statistik maʼlumotlarni yigʻishda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Roʻyxatdan oʻtkazish doirasida mamlakatdagi qishloq xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanadigan barcha subyektlarning toʻliq hisobi olib boriladi. Yagona dastur va uslub asosida oʻtkaziladigan kompleks statistik kuzatuv qishloq xoʻjaligining holati va tarkibi, uning mavjud resurs salohiyati va undan foydalanish toʻgʻrisida eng toʻliq va xolis maʼlumot olish imkonini beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring