FAO Oʻzbekistonda oʻrmonlarning raqamli inventarizatsiyasini joriy etishga koʻmaklashmoqda

23:59 02 Iyun 2023 Jamiyat
688 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tabiiy resurslar vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi, “Oʻrmonloyiha” loyihalash instituti va Oʻrmon xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda Toshkent viloyatida oʻrmon hududlarini raqamli va geoaxborot (GIS) texnologiyalari yordamida oʻrganish boʻyicha dala treningi tashkil etildi. Dala mashgʻulotlarida Kitob, Dehqonobod, Pop va Sirdaryo oʻrmon xoʻjaliklari mutaxassislari ishtirok etdilar. Mashgʻulotlarni FAOning xalqaro maslahatchisi, kanadalik GIS eksperti Nadiya Muratova olib bordi.

GIS texnologiyalari — oʻrmon xoʻjaligi faoliyatini boshqarish jarayonlarini osonlashtiradigan vositadir. Ular yordamida olingan maʼlumotlar oʻrmonlarni elektron xaritalarda saqlash va doimiy yangilab borishni maqbullashtirishga imkon beradi. Zamonaviy dasturiy taʼminot oʻrmon ekotizimlarini yaxshiroq tahlil qilish, oʻrmon yerlarini inventarizatsiya qilish va monitoring ishlarini olib borish uchun ishlatiladi.

Oʻrmon xoʻjaligi faoliyatiga raqamli texnologiyalar va GIS vositalarini joriy etish FAOning “Oʻzbekiston togʻ va vodiy oʻrmonlarini barqaror boshqarish” loyihasining muhim vazifalaridan biridir. Loyiha Global Ekologik Jamgʻarma (GEF) tomonidan moliyalashtirilmoqda va Oʻzbekiston Respublikasi Tabiiy resurslar vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

Trening davomida ishtirokchilar oʻrmon hududlari atrofidagi oʻrmonlar va oʻsimliklar, yerdan foydalanish turlari, oʻrmon resurslarining taksometrik xususiyatlari toʻgʻrisida maʼlumot toʻplashning zamonaviy usullarini oʻrganishdi. Mutaxassislarga FAO tomonidan ishlab chiqilgan “Dala ishlari boʻyicha qoʻllanma: sinov maydonlarida tekshirish va oʻlchash usullari” taqdim etildi. Bundan tashqari, trening ishtirokchilari dala kompyuteri, shaxsiy navigatsiya moslamalari, lazer masofa oʻlchagich va elektron “kaliper” kabi jihozlardan foydalanish bilan tanishdilar. Oʻrmonlarni tahlil qilish boʻyicha tavsiya etilgan zamonaviy usullari xalqaro hisobot standartlariga asoslanganligi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmonlarini Milliy inventarizatsiyasini oʻtkazishda samarali vosita boʻlishi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер